Mehriddin Abdullayev «Bunyodkor» futbol klubi prezidenti lavozimida ish boshladi

Sport 11:35 / 02.03.2021 14255

1 mart kuni «Bunyodkor» futbol klubi Kuzatuv kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda klub moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta'minlash va boshqa bir qator tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, ushbu yig‘ilishda, Kuzatuv kengashi a'zolari tomonidan klubga yangi prezident tayinlash masalasi ham ko‘rib chiqildi va O‘zbekiston va Osiyo futbolida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan «Bunyodkor» futbol klubi rahbariyatida o‘zgarish ro‘y berdi.

Klub matbuot xizmati xabar berishicha, «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Mehriddin Razzoqovich Abdullayev rasman «Bunyodkor» futbol klubi prezidenti etib tayinlandi.

«Abdullayev Mehriddin Razzoqovichga «Bunyodkor» futbol klubi prezidenti lavozimi davrida katta omad va zafarlar tilab, ularning rahbarligi ostida «Bunyodkor» o‘zining shonli tarixi qaytishiga, jamoamiz yana chempionlik uchun kurashishiga, Osiyo chempionlar ligasida yana muntazam tarzda to‘p surishiga ishonamiz!», deyiladi klub xabarida.

Ma'lumot uchun, Mehriddin Abdullayev 1969 yil Buxoro viloyati Jondor tumanida tug‘ilgan. Mutaxassisligi – iqtisodchi, huquqshunos. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi, O‘zbekiston milliy banki va O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Ko‘proq yangiliklar: