Endi «zapravka» qurish uchun davlat xizmatlari markazi orqali ruxsat olinadi

O‘zbekiston 15:08 / 02.03.2021 5540

«Bugungi kunga qadar avtomobil yo‘llarini, yo‘l inshootlarini, temir yo‘l kesishmalarini, avtomobil yo‘llari va ko‘chalar bo‘yida joylashgan AYoQS, AGTKS va AGQS (avtomobilga benzin quyish, gaz to‘ldirish va gaz quyish) stansiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash loyihalarini kelishishning aniq tartibi, hujjatlar taqdim etish jarayoni va muddatlari aniq belgilanmagan edi. Bu, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub'yektlarining ovoragarchiliklariga, ayrim hollarda esa korrupsion holatlarga olib kelayotgan edi.

Endilikda, Ma'muriy reglament bilan mazkur tartib belgilandi. Xususan, xizmatdan foydalanish uchun faqat so‘rovnoma to‘ldiriladi va loyiha hujjatlari ilova qilinadi. Vakolatli organ tomonidan hujjatlar 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi hamda QR-kod qo‘yilgan xulosa shakllantiriladi. Agar vakolatli organ tomonidan belgilangan muddatda xulosa shakllantirilmasa, loyiha kelishilgan hisoblanadi.

Tadbirkorlar o‘zlari uchun qulay bo‘lgan hududdagi davlat xizmatlari markazlariga yoki elektron shaklda YaIDXP orqali murojaat qilishlari mumkin. Xizmatni tizimda joriy etish ma'lum muddat talab qiladi, shu sababli Agentlik hamda AKT vazirligi xodimlari tomonidan tegishli ishlar yakunlangach, xizmat joriy etilgani to‘g‘risida qo‘shimcha ravishda ma'lumot beriladi», deya Azizbek Rahmatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 1 martdagi 111-sonli qarori bilan Avtomobil yo‘llarini, yo‘l inshootlarini, temir yo‘l kesishmalarini, avtomobil yo‘llari va ko‘chalar bo‘yida joylashgan AYoQS, AGTKS va AGQS (avtomobilga benzin quyish, gaz to‘ldirish va gaz quyish) stansiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash loyihalarini kelishish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglamentga ko‘ra, tadbirkorlarga mazkur xizmatlar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi yoki uning hududiy boshqarmalari (vakolatli organ) tomonidan ko‘rsatiladi.

«Buning uchun so‘rovnoma to‘ldiriladi. Shu asosda vakolatli organ 5 ish kunida loyihalarning tegishli talablarga mosligini o‘rganib chiqadi. Loyihalarni kelishish vakolatli organning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

Vakolatli organ belgilangan muddatlarda loyihalarni kelishish yuzasidan xulosa taqdim qilmagan taqdirda, loyiha Davlat xizmatlari markazlari tomonidan avtomatik ravishda kelishilgan deb hisoblanadi. Kelishilgan loyihalar 1 kun muddatda ariza beruvchilarga elektron shaklda yuboriladi», deydi Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova.

Qayd etilishicha, ushbu turdagi davlat xizmati ko‘rsatilishi uchun 73 500 so‘m (bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi) miqdorida, YaIDXP orqali murojaat etilganda esa 66 150 so‘m (73 500 so‘mning 90 foizi) miqdorida yig‘im undiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: