Arxitektura-shaharsozlik departamentlari tashkil etiladi

O‘zbekiston 08:44 / 02.03.2021 4383

Prezidentning “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat hokimiyati organlarining javobgarligini oshirish hamda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qurilish vazirligining hududlarda davlat arxitektura-shaharsozlik siyosatini yagona davlat organi orqali yuritish, arxitektura yo‘nalishidagi vazifalarni samarali va operativ yechish hamda qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, sohaga salohiyatli kadrlarni jalb qilish maqsadida:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar arxitektura-shaharsozlik departamentlarini;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat Arxitektura-shaharsozlik departamentlari va Toshkent shahar  Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tarkibida yakka tartibdagi uy-joylar va kichik hajmdagi obektlar qurilishi maxsus kuzatuv bo‘limini tuzish;
  • Qurilish vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida arxitektura va qurilish sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda shaharsozlik sohasida innovatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish markazini tashkil etish;
  • Qurilish vazirligi huzuridagi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKning hududiy filiallariga yuridik maqomini berish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Belgilanishicha:

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining faoliyati:

budjet;

Arxitektura-shaharsozlik departamentlari, Hududiy qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi, “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK filiallari hamda Tender savdolarini tashkil etish konsalting markazlari amalga oshirgan faoliyati va ko‘rsatadigan xizmatlaridan olingan daromadlarning 3 foiz miqdoridagi moliyaviy ajratmalari hisobidan moliyalashtiriladi;

b) Arxitektura-shaharsozlik departamentlarining:

shtat birliklari prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini  tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori 4-ilovasida belgilangan qurilish bo‘yicha hududiy bo‘linmalar boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlarining cheklangan soni doirasida shakllantiriladi;

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, buyurtmachilik funksiyasini to‘laqonli hamda sifatli bajarilishini ta'minlash uchun yillik ajratiladigan limitlar doirasida loyihalar qiymatidan 2 foiz miqdorida saqlash xarajatlari yo‘naltiriladi;

faoliyatini saqlash xarajatlari to‘lov asosida davlat va shaharsozlik sohasidagi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xizmatlar, shu bilan birga ikki qavatdan past, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan kam bo‘lgan bino va inshootlardagi qurilish-montaj ishlari qiymatining (qo‘shimcha qiymat solig‘isiz) 0,18 foiz miqdoridagi Arxitektura-shaharsozlik departamentlari ixtiyorida qoldiriladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi;

v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi tuman (shahar) qurilish bo‘limlari tugatilib, Arxitektura-shaharsozlik departamenti bo‘ysunuvidagi tuman (shahar) bosh arxitektori lavozimi joriy etiladi va unga quyidagi asosiy vazifalar yuklanadi:

hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish va qurish bo‘yicha shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishining monitoringini yuritish va uning natijalarini tuman (shahar) hokimlariga va Arxitektura-shaharsozlik departamentiga kiritish;

aholi punktlarining arxitektura qiyofasi, shuningdek ulardagi shaharsozlik muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularni davlat hokimiyati organlariga kiritish hamda jismoniy va yuridik shaxslarga taqdim etish;

aholi (jamoatchilik) va ommaviy axborot vositalariga shaharsozlik masalalarida tushuntirishlar berish.

Tugatilgan tuman (shahar) qurilish bo‘limlarining arxitektura-qurilish sohasidagi xulosalar va ruxsatnomalar berish funksiyalari Arxitektura-shaharsozlik departamentlariga, qurilish sohasidagi funksiyalari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi va viloyatlar qurilish bosh boshqarmalariga o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: