Olmazorda 50 mln so‘m miqdoridagi qalbaki pul ishlab chiqargan shaxslar ushlandi

Jamiyat 20:48 / 26.02.2021 5563

Uyushgan jinoiy guruh Bosh prokuratura huzuridagi departament, DXX va Toshkent Olmazor tumani IIB tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fosh etilgan. Qalbaki pul yasovchilar 500 dona 100 ming so‘mlik qiymatdagi qalbaki kupyuraning har birini 20 ming so‘mdan hisoblab, boshqa bir shaxsga 10 mln so‘mga o‘tkazgan vaqtda ushlangan.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, tezkor tadbirda jinoyat ustida qo‘lga olingan fuqarolardan birining mashinasi va xonadoni ko‘zdan kechirilganda 66 dona seriya va raqamlari bir xil bo‘lgan 100 ming so‘mlik qiymatdagi qalbaki kupyuralar, shuningdek, qalbaki pullarni yasashda foydalanilgan rangli printer va boshqa uskunalar topilgan. Ularning barchasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Qayd etilishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 10 fevral kuni Toshkentda qiymati 55 million so‘mga yaqin qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralarni muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangan edi.

Shirin shahar YPX postida 20 ming dollar miqdoridagi qalbaki pul bilan qo‘lga olingan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilib, qalbaki pullar jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tuman sudi qaroriga asosan yoqib yuborilgan edi.

Avvalroq Surxondaryo, Samarqand, Qashqadaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida qalbaki pul yasovchilar, Sirdaryo, Xorazm, Samarqand va Namangan viloyatlarida qalbaki valutafurushlar fosh etilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: