Zamonaviy aviatsiya dvigatellarining kuraklari dunyodagi eng metin metallardan biri – titandan yasaladi. Keyinchalik yonilg‘i bilan aralashib, alanga hosil qiladigan havoni turbinaga maksimal samaradorlik bilan o‘tkazib bera olishi uchun kuraklar qilich shaklida yasaladi. Titan kuraklarning ayrim turlari vazni ortib ketmasligi uchun ichi bo‘sh yasaladi. Dvigatelning turi va samolyotning klassiga qarab har bir motorda havoto‘plagich ichida tovush tezligidan tezroq aylanadigan 38tagacha kurak bo‘ladi.
Ayniqsa, parvoz davomida keng fyuzelajli laynerlarning yuqori texnologiyali dvigatellari parvoz vazni 250 tonnadan ziyodroq bo‘lgan samolyotlarni havo ko‘tara olishi uchun bor imkoni bilan ishlaydi. O‘tgan shanba parvozning aynan shu muhim asnosida ikki jiddiy hodisa ro‘y berdi: biri Yevropada, boshqasi AQShda. Falokatning video va fotolari ijtimoiy tarmoqlar orqali yashin tezligida tarqalib ketdi.
Pratt & Whitney’ning dvigatellari
Boeing 747-400 yuk layneri Niderlandiyaning Maastrixt shahri uzra Nyu-York tomon uchib o‘tayotgandi. Parvoz payti 30 yillik havo kemasining chap dvigatelida portlash sodir bo‘ldi. Turbinaning uchib ketgan kuraklari yerga tushdi. Oqibatda keksa yoshli ayol va bir bola yengil jarohat olishgani ma'lum bo‘ldi.
Ularning omadi kelgan – Maastrixt chekkasidagi Meyersen shaharchasida turgan avtomobillar ustida tushgan samolyot metall parchalari ulovlarni teshib o‘tgan. Ekipaj samolyot bortidagi favqulodda holatdan dispetcherni ogoh qilgan va kutish zonasi tomon uchib, ortiqcha yonilg‘ini yoqib bo‘lgachgina bir soatcha keyinroq qo‘shni Belgiyaning Lej aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘ngan. Niderlandiyaning aviafalokatlar bilan shug‘ullanuvchi kengashi bo‘lib o‘tgan hodisaning sabablari va aniq holatlarini o‘rganmoqda.
Boeing 747-400’ga o‘rnatilgan PW4056 tipidagi dvigatel aviadvigatelsozlik bo‘yicha yetakchilardan biri bo‘lgan AQShning Pratt & Whitney kompaniyasi tomonidan 1980-yillarda ishlab chiqilgan. PW4000 oilasi bazaviy aviadvigatellardan biri hisoblanadi: bugunga qadar bunday dvigatellardan 2500ta ishlab chiqarilgan. Ular samolyotlarning turli modellari, masalan, Airbus A330 yoki Boeing 777, 767 va 747-400’ga o‘rnatilgan,.
Bunda dvigatelni ishlab chiqish uchun, avvalo, uni har tomonlama sinovdan o‘tkazishdan tortib to foydalanishga topshirish uchun ruxsat berishgacha samolyotsozlar emas, dvigatel yasovchilar javobgar ekanini hisobga olish kerak. Shuning uchun bo‘lib o‘tgan voqealar Boeing’ning muammosi emas. Vaholanki, bu kabi hodisalar aviakompaniyalar imiji uchun jiddiy zarba beradi.
Katta falokatga baxya qoldi
UA328 reysi davomida bo‘lgan hodisada avvaliga dvigatelning o‘ta chidamli kevlardan bo‘lgan himoya qobig‘i saqlanib qolgan va xavfli parchalar sochilib ketishining oldini olgandek ko‘ringan. Samolyot to‘laligicha boshqaruvda qolgan va yerdan ko‘tarilgandan keyin 23 daqiqa o‘tib Denverga favqulodda qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan: na bortda, na yerda birov jabr ko‘rgan.
Biroq fyuzelaj ko‘zdan kechirilganda yo‘lovchilar avval taxmin qilinganidan ancha baxtliroq ekani ayon bo‘ladi: dvigatel parchasi qanotda katta teshik hosil qilgan – yonilg‘i bilan to‘ldirilgan baklargacha o‘tishiga bir necha santimetrlar qolgan. Ayni damda AQSh transportda xavfsizlikni saqlash milliy Kengashi tadqiqotlarning ilk natijalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ularning fikricha, titan kuraklardan birining ichi mo‘rtlashib qolgani avariya sababi bo‘lishi mumkin. Natijada, u asosdan ajrab sinib ketgan. Yondosh kurak o‘rtasidan singan va uni tashqi kevlar qobig‘idan topishgan.
Yerda qoladi
PW4077 tipidagi dvigatellar 1990-yillar o‘rtalaridan beri 777-seriyali samolyotlarga o‘rnatib kelingan. Halokatga uchragan Boeing esa, 1995 yilda ishlab chiqarilgan. 2020 yilning dekabrida xuddi shunday hodisa Japan Airlines aviakompaniyasining Boeing 777-200, deyarli uch yil muqaddam esa, United Airlines’ning ayni modelidagi samolyotida sodir bo‘lgandi.
AQSh fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi (FAA) yakshanba kuni ushbu turdagi dvigatellar shoshilinch va kuchaytirilgan tarzda ko‘rikdan o‘tkazilishini ma'lum qilgan. «Aynan shu variantdagi dvigatel, aynan Boeing 777’ning kuraklarini jiddiyroq tekshiruvdan o‘tkazish kerak», deya bayonot bergan FAA rahbari Stiven Dikson.
AQShning United Airlines, Yaponiyaning Japan Airlines va ANA kompaniyalaridan tashqari Janubiy Koreyaning Korean Air aviatashuvchisi ham PW4000 dvigatellar oilasi o‘rnatilgan 777-200dan istifoda qiladi. Butun dunyoda bu kabi laynerlardan 69tasi bor, yana 59tasidan pandemiya tufayli foydalanilmadi. Tekshiruvlar tugamaguncha ularning birortasi ham havoga ko‘tarilmaydi. Pandemiya tufayli xalqaro aviatashuvlarlarda muammo yuzaga kelgani bois, ularning aksari umuman muntazam parvozlarga qaytmasligi ham mumkin.