Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonlik darajasini baholash tartibi joriy etiladi

O‘zbekiston 19:51 / 24.02.2021 2126

Bu haqda bugun, 24 fevral kuni Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisida aytildi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda Adliya vazirligining 2020 yilda huquqiy targ‘ibot holati haqidagi axboroti eshitildi.

Ma'lum qilinishicha, vazirlik tomonidan o‘tkazilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari monitoringi natijalariga ko‘ra, FVV, IIV va Davlat soliq qo‘mitasi namunali, «O‘zaviatsiya» agentligi, Davlat personallashtirish markazi hamda Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligining bu boradagi ishlari qoniqarsiz deb topildi. Maktabgacha ta'lim va Energetika vazirliklari esa amalga oshirgan targ‘ibot tadbirlari haqidagi ma'lumotlar monitoring uchun Adliya vazirligiga taqdim etmagan.

Foto: Muzrof Ikromov, Adliya vaziri o‘rinbosari

Adliya vaziri o‘rinbosari Muzrof Ikromovning aytishicha, O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi darajasini baholash tartibi joriy etiladi. Unga ko‘ra, davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha o‘qitiladi hamda har uch yilda avtomatlashtirilgan tizim orqali huquqiy savodxonlik darajasi baholab boriladi.

Shuningdek, «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi tarkibida media markaz tashkil etiladi. Ushbu markaz qonun hujjatlari mazmunini sodda, xalqchil tilda yetkazuvchi zamonaviy axborot-tahliliy media materiallarni tayyorlaydi va tarqatadi.

Ko‘proq yangiliklar: