Eng muhimi – narx
Yengil elektromobillar kelajagi haqida bahsga hojat yo‘q – transportning bu turi o‘zining benazir ustunliklari va obektiv kamchiliklari bilan juda tez rivojlanyapti. Deyarli barcha avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar yer kurrasini arzonroq va yaxshiroq yangi modellar bilan zabt etish orzusida.
2020 yilning iyulida hammabop Wuling Hong Guang Mini EV elektromobillari sotuvga chiqib, tezda bozorni egalladi va 112 ming dona sotilib, o‘tgan yilning 2-yarmida Xitoyda eng ko‘p sotilgan elektromobilga aylandi.
Yil yakunlariga ko‘ra esa, SAIC-GM-Wuling Hongguang kompaniyasining ushbu ulovi Tesla Model 3’dan keyin eng ko‘p sotilgan elektromobil bo‘ldi. Kompaniya egalari 2021 yilda rekord miqdorda avtomobil sotishni mo‘ljallamoqda va Hong Guang Mini EV dunyodagi eng ko‘p sotiladigan elektromobil bo‘ladi.
«Xalq elektrokari»ning qisqacha tavsifi:
- Eng oddiy modelining narxi 4460 AQSh dollari, konditsionerlisi 5000 dollar;
- Eng yuqori tezligi soatiga 100 kilometr;
- 2 eshigi bor, salonga 4 kishi sig‘adi. Avtomobilning uzunligi 3 metr, eni 1,5 metr.
Bu kamtarona ulov shahar ichida yurishga qulay. U zamonaviy texnologiyalarga ega emas va oddiy rozetkadan quvvat oladi.
Shahar elektromobilining yangi namunasi
Wuling Hong Guang Mini EV’ning Xitoydagi aql bovar qilmas savdosi tahlilchilar diqqatini tortdi.
«Mijozlar uning arzon narxi va dizayniga yuqori baho berishmoqda. U, ayniqsa, Xenan va Shandun provinsiyalarida yaxshi sotilmoqda. Guvohnomasiz boshqarish mumkin bo‘lgan, lekin tezkor shosselarda yura olmaydigan ulovlar shu provinsiyalarda ommabop», deydi LMC Automotive tadqiqot kompaniyasi tahlilchisi Alan Kang.
Sodda qilib aytganda, Guang Mini EV modelini odatiy yengil avtomobildan farqli o‘laroq, smart yo kompakt deb atash mumkin. Ha, albatta salonda alohida komfort yo‘q, ko‘plab zamonaviy texnik tizimlar ham mavjud emas, lekin narxi bu elektrokarni judayam ommabop qilib yubordi.
Endi nima bo‘ladi? Katta ehtimol, Xitoyda yuqori sur'atlarda ommalashadi. Ko‘plab ommaviy axborot vositalari Guang Mini EV’ni Xitoy-AQSh qo‘shma loyihasi va sifati yaxshi bo‘lishi kerak deb baho bermoqda.
Bu mo‘jizani qayerdan sotib olish mumkin? Bu hozircha aniq emas. Albatta Wuling kompaniyasi xalqaro bozorga chiqishni istaydi. 2020 yilning avgustida e-mobilning bir necha versiyalarini Yevropada sotish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Biroq, mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, Yevroittifoqning ekologiyaga oid qat'iy talablari tufayli mashina narxi ikki barobarga qimmat bo‘lishi mumkin.
Solishtirish uchun, mitti Citroen Ami mashinasini haydovchilik guvohnomasisiz ham boshqarsa bo‘ladi va ulov soatiga 45 kilometr tezlikda harakatlana oladi. Citroen Ami rasman 4 g‘ildirakli velosiped deya tavsiflanadi. Bu esa, Yevroittifoq va Buyuk Britaniya hududida 16 yashar bolalar haydovchilk guvohnomasisiz ushbu e-mobilni boshqarishi mumkin degani.