Toshkentda yangi universitet tashkil etiladi

O‘zbekiston 08:52 / 23.02.2021 12637

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent amaliy fanlar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda “University of Tashkent for Applied Sciences” mas'uliyati cheklangan jamiyatining (muassis) nodavlat ta'lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi Toshkent amaliy fanlar universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Quyidagilar universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • Universitetda O‘zbekiston oliy ta'lim dasturlari bilan birga dunyoning nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalari, jumladan “QS World University Rankings” va “The Times Higher Education World University Rankings” reytingida 1000talikka kiruvchi Grinvich universiteti, Markaziy Lankashir universiteti (Buyuk Britaniya) hamda boshqa yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari ta'lim dasturlarini joriy etish, ularning malakali professor-o‘qituvchilari, olim va mutaxassislarini o‘quv jarayoniga jalb qilish;
  • respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlariga zarur bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, shu jumladan oliy ta'lim, oliy ta'limdan keyingi ta'lim, professional ta'lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
  • xorijning ilg‘or oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;
  • o‘quv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish;
  • ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;
  • ta'lim jarayoniga yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilari, olim va mutaxassislarini keng jalb qilish;
  • professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan ularning stajirovkasini nufuzli xorijiy oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish;
  • biznes axborot tizimlari, axborot xavfsizligi, matematik modellashtirish va prognozlash, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari, risk menejment, ekonometrika, biznes boshqaruvi, loyihalar boshqaruvi sohalari bo‘yicha hamda respublika iqtisodiyoti tarmoqlari uchun xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni ta'minlash;
  • respublika iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy qilish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, ta'lim oluvchilarning innovatsion g‘oyalarini amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb etish;
  • respublika oliy ta'lim tizimiga zamonaviy ta'lim texnologiyalariga asoslangan o‘quv jarayonini tashkil qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani tatbiq etish, ochiq axborot-ta'lim muhitini rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • ta'lim va ilm-fanning uzluksizligi hamda izchilligi tamoyili, shuningdek, jahon ta'limi va ilmiy hamjamiyatga uyg‘un integratsiyalashuvi asosida mutaxassis va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish;
  • ta'lim va ilm-fan sohasida xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Belgilanishicha:

  • Universitet nodavlat oliy ta'lim tashkiloti hisoblanadi;
  • Universitetda ta'lim jarayoni O‘zbekiston oliy ta'lim davlat ta'lim standartlari asosiy qoidalarini hisobga olinib, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda xorijiy tajribaga muvofiq ishlab chiqilgan malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari asosida amalga oshiriladi;
  • Universitetda o‘qitish O‘zbekistonda amalda mavjud ta'lim shakllari hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarida amalga oshiriladi;
  • Universitetda ta'lim olish to‘lov-kontrakt asosida, shuningdek yuridik shaxslar - potensial ish beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan ta'lim grantlari, shuningdek, yoshlarni o‘qitish uchun ajratiladigan yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;
  • Universitetda o‘qitishning to‘lov-kontrakt miqdori muassis tomonidan belgilanadi;
  • bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari respublika mehnat bozori ehtiyojlari hamda Universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda Universitet tomonidan belgilanadi;
  • Universitetda dastlabki bosqichda “Biznes axborot tizimlari”, “Biznes boshqaruvi”, “Axborot xavfsizligi” hamda “Elektron tijorat” bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar qabuli amalga oshiriladi;
  • Universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi va qoidalari Universitet tomonidan, shuningdek xorijiy hamkorlar bilan kelishgan holda belgilanadi;
  • Universitetda ta'lim faoliyati 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi;
  • Universitetda ta'lim raqamli texnologiyalar, masofaviy ta'lim xizmatlari, vebinarlar, onlayn-o‘qitish, “blended learning” va boshqa zamonaviy ta'lim texnologiyalaridan foydalangan holda kunduzgi, sirtqi, maxsus sirtqi, kechki va masofaviy ta'lim shakllarida amalga oshiriladi;
  • Universitet bitiruvchilariga O‘zbekistonning oliy ma'lumot to‘g‘risidagi davlat namunasidagi diplomi beriladi.

Universitet Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Ahmad Donish ko‘chasi, 12-mavze, 20a-uy manzilida joylashtiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: