Sog‘liqni saqlash vazirligiga vaksinatsiya tadbirlari uchun maxsus avtomobillar topshirildi

O‘zbekiston 11:36 / 23.02.2021 9181

Bugun, 23 fevral kuni BMTning bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) Toshkent shahridagi «Milliy» stadionida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati uchun 17ta muzlatkichli yuk mashinasi va 206ta Miniven-Labo avtomobillarini topshirdi.

Shu munosabat bilan o‘tgan marosimda bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade va boshqa mas'ullar ishtirok etishdi.

Taqdim etilgan transport vositalarining umumiy qiymati 2 million AQSh dollarini tashkil etadi. Ushbu mablag‘ Vaksinalar va immunizatsiya bo‘yicha global alyansi (GAVI) tomonidan sog‘liqni saqlash tizimini mukammallashtirish doirasida ajratildi. 

«Oldimizda katta mas'uliyatli vazifa turibdi. U ham bo‘lsa, aholining tegishli qatlamini koronavirus kasalligiga qarshi emlash. Vaksinatsiya borasida yetarli tajribaga ega bo‘lsak-da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarga koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash kunlarini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik tadbirlarida amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida mutaxassislar biriktirdik, emlash tadbirlariga jalb etilgan tibbiyot xodimlarining malakasini oshirdik, ularga maslahat, amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.

O‘ylaymanki, hozirda bu borada yaratilayotgan qo‘shimcha imkoniyatlar albatta o‘z samarasini beradi va ushbu sinovli kunlardan biz mardonavor o‘tamiz hamda oldimizga qo‘yilgan koronavirus pandemiyasini yengishdek murakkab vazifani yorug‘ yuz bilan ado etamiz», degan Sog‘liqni saqlash vaziri.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar vaksinalarni ma'lum bir haroratni saqlagan holda tashish juda muhimligini, buning uchun maxsus avtomobillar topshirilishi esa sovuqlik zanjiri va logistika infratuzilmasini yanada mustahkamlash hamda vaksinalarni mamlakat bo‘ylab xavfsiz va tezkor tashishga hissa qo‘shishini ta'kidlashgan. 

Shuningdek, Covid-19’ga qarshi vaksinalarni ishlab chiqarish va yetkazib berish jadal olib borilayotgan hozirgi davrda ularni adolatli taqsimlash muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etilgan.

«Hech kimni chetda qoldirmasdan Covid-19’ga qarshi emlashni adolatli o‘tkazishga tayyorgarlik ketayotgan vaqtda O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bu yo‘nalishda hamkorlik qilishdan mamnunmiz. Ishonchim komilki, ushbu hamkorlik barcha hududlarda aholini vaksinatsiya ishlari bilan to‘liq qamrab olish sari yana bir qadam bo‘ladi. Bundan avval O‘zbekistonda immunizatsiya tadbirlari uchun sovuqlik zanjiri inshootlari va qurilmalari barpo etishda hamkorlik qilgan edik», deya Mamedzadening so‘zlarini keltirmoqda SSV matbuot xizmati.

  • Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash mart oyining birinchi yarmida boshlanadi. Bunda birinchi navbatda koronavirus yuqish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan shaxslar emlanadi va u faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshiriladi. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina uchun 3 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgan.
  • Ijtimoiy himoyaga muhtoj, yoshi katta va aholining boshqa zaif qatlamlari vakillari koronavirusga qarshi bepul emlanadi - bu toifadagilar soni 4 millionga yaqinni tashkil etadi. Dastlabki bosqichda 50 mingga yaqin kishi emlanishi ma'lum qilingan. 
  • O‘zbekiston xitoyliklar vaksinasini va rossiyaliklarning «Sputnik V» vaksinasini qo‘llashga ruxsat bergan - ushbu vaksinalardan 1 million dozadan xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Ko‘proq yangiliklar: