Samarqandda uch nafar bosqinchi qo‘lga olindi

O‘zbekiston 14:58 / 23.02.2021 9096

Samarqandda xonadonlardan biriga bostirib kirib talonchilik qilgan uch nafar bosqinchi qo‘lga olindi. Ma'lum bo‘lishicha, ular uy egasini urib hushidan ketkazgan va uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab qo‘yib, katta miqdordagi pul va tilla taqinchoqlarni olib chiqib ketgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati ma'lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, 2021 yil 22 fevral kuni uch nafar shaxs Samarqand shahar Fitrat ko‘chasida yashovchi fuqaroning uyiga kirib, uni urib hushidan ketkazgan. So‘ng, shu uyda xizmatchi bo‘lib ishlayotgan M.ning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, yotoqxonadagi temir seyf ichidan 42 500 AQSh dollari hamda jami bahosi 2400 AQSh dollari bo‘lgan o‘n turdagi ayollar tilla taqinchoqlari, shuningdek, bahosi 2100 AQSh dollari bo‘lgan 1 dona qo‘l telefon apparati va 3 dona planshetlarni talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.

IIB xodimlari tomonidan mazkur jinoyatni fosh etishga qaratilgan tezkor tadbirlar natijasida, ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan shaxslar voqea joyidan sariq rangli, «Neksiya-3» mashinasida qochib ketgani aniqlangan.

Zudlik bilan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni 1988 yilda tug‘ilgan, muqaddam jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) bilan sudlangan Samarqand tumani «Quyi Arabxona» qishlog‘ida yashovchi 1984 yilda tug‘ilgan Davlat R., muqaddam jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi bilan sudlangan, Navoiy viloyati Navbahor tumani «Beshrabot» MFYda ro‘yxatda turgan Jasur I. hamda 1989 yilda tug‘ilgan, muqaddam jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi bilan sudlangan, Samarqand shahar A.Ikromov ko‘chasida ro‘yxatda turgan Askar I.lar sodir etganligi aniqlanib, ularning uchovi ham jinoyatni sodir etganlikda gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan.

Ma'lum bo‘lishicha, sariq rangli Neksiya-3 Davlat R.ga tegishli bo‘lib, undan jami 1 500 AQSh dollari, Jasur I.dan 6 600 AQSh dollari hamda bir dona «MAXWEL» rusumli qo‘l telefoni, Askar I.dan 600 AQSh dollari hamda 500 ming so‘m daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilib olingan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: