Qashqadaryoda «Damas» ag‘darildi. Unga yordam bergan ikki kishini esa «KamAZ» bosib ketdi

O‘zbekiston 11:52 / 23.02.2021 47150

Qashqadaryoda «Damas» mashinasi tonggi qorong‘ida ko‘cha o‘rtasida yotgan o‘yinchoqni chetlab o‘tishga urinib ag‘darilib ketdi. Unga yordam berishga shoshilgan ikki kishini «KamAZ» yuk mashinasi urib yubordi. Oqibatda ular vafot etdi. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat IIB axborot xizmati ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, hodisa 2021 yilning 17 fevral kuni tong payti Samarqand–Qarshi yo‘lining Chiroqchi tumani «Chorvador» QFY hududidan o‘tuvchi qismida sodir bo‘lgan. «Damas» mashinasi Qarshidan Samarqandga qarab harakatlanib ketayotganda haydovchi yo‘lda noma'lum jismni ko‘radi. Uni bosib ketmaslik uchun aylanib o‘tayotganda «Damas» ag‘darilib ketadi.

Shundan so‘ng mashinadagi haydovchi va yo‘lovchiga yordam berish maqsadida boshqa o‘tkinchilar to‘xtaydi. «Damas»dan haydovchi va yo‘lovchilar chiqarib olinadi. Ko‘plashib «Damas»ni tiklab qo‘yishadi. Shu payt, soat 6:20 larda ushbu yo‘ldan tez harakatlanib kelgan «KamAZ» «Damas»ga yordam bergan odamlardan ikki nafarini urib ketadi. Oqibatda ulardan biri voqea joyida, ikkinchisi shifoxonada vafot etadi.

«Damas» haydovchisi va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ular ag‘darilgan mashinani tiklab, yo‘l chetiga o‘tkazayotgan paytda yuk mashinasi uzoqdan tezlikni pasaytirmay harakatlanishda davom etgan. Ular qo‘l harakati bilan «KamAZ» haydovchisiga ishora qilganida, u e'tiborsiz qoldirgan.

YHXB xodimlari tomonidan mazkur yo‘l-transport hodisasi o‘rganilganda o‘sha kuni «KamAZ»ga me'yordan ortiq yuk ortilgani, natijada haydovchi mashinani to‘xtata olmagani aniqlangan.

Ma'lumot uchun, Samarqand–Qarshi yo‘lining Chiroqchi tuman hududidan Qarshi shahrigacha bo‘lgan qismi haydovchilar uchun xavfli yo‘llardan biri hisoblanadi. Bu yerda tez-tez og‘ir oqibatlarga olib keluvchi yo‘l-transport hodisalari ro‘y berib turadi.

Ko‘proq yangiliklar: