Mass-media fondi jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishini qo‘llab-quvvatladi

O‘zbekiston 18:08 / 23.02.2021 2410

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ishlab chiqqan Jinoyat kodeksining yangi tahririda, jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash ko‘zda tutilgan.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi mazkur yangilikni qat'iy qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

«Ushbu chora jurnalistlarning huquqlarini mustahkamlashga yordam beradi va O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta'minlash sari navbatdagi qadam bo‘ladi»,dedi fond raisi Komil Allamjonov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlik belgilanishi prezidentning 2019 yil 27 iyundagi qarorida belgilangan edi.

Bosh prokuratura taklif etayotgan yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksining 184-moddasiga asosan:

– jurnalistning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ya'ni uni biror bir axborotni tarqatishga yoki tarqatmaslikka majburlash maqsadida o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, jurnalistga yoxud uning yaqin qarindoshiga zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, –

50–100 BHM jarima yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: