Yangi qonun O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar bloklanishiga olib keladimi? Vazirlik izohi

O‘zbekiston 14:44 / 20.02.2021 26767

2019 yil 1 oktyabrdan «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni kuchga kirgan edi.

2021 yil 14 yanvarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazining tashabbusi bilan qabul qilingan qonun asosida hujjatga quyidagi mazmundagi 27-1-modda qo‘shilgan:

«Mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma'lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma'lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta'minlashi shart».

Qonunning bu moddasi 2021 yil 16 apreldan kuchga kiradi.

Bu band kuchga kirganidan so‘ng Facebook, Telegram, Instagram, TikTok, Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlar, Gmail, Mail.ru pochta xizmatlari va Google, Yandeks kabi internet servislari O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlari joylashgan ma'lumotlar bazalarini (serverlari) jismonan O‘zbekistonga olib kelib saqlashlari shart bo‘ladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmadovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, O‘zbekiston fuqarolari foydalanadigan barcha ijtimoiy tarmoqlarning bosh ofislariga qonunchilikdagi yangilik haqida rasman ma'lum qilingan va qonun kuchga kirgunga qadar serverlarni O‘zbekistonga ko‘chirib kelish choralarini ko‘rish so‘ralgan.

Shuningdek, yaqin kunlarda bu bandning bajarilishi va texnik shartlari yuzasidan normativ hujjat tayyorlanadi.

Vazirlikka ko‘ra, xorijiy kompaniyalar serverlarini O‘zbekistonga olib kelishni xohlamasa, ular bilan boshqacha tarzda ham muzokaralar olib borilishi mumkin. Masalan, O‘zbekicton fuqarolariga shaxsiy ma'lumotlarini kiritmagan holda tarmoqda ro‘yxatga olinishiga ruxsat berilishi kabi.

Lekin, har qanday holda fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlaridan foydalanuvchi yoki ularni to‘plovchi tarmoqlar serverlarni O‘zbekistonga olib kelishni rad qilsa yoki boshqacha kelishuvga bormasa, ularning ishi sudga oshiriladi. Sud agar bu ijtimoiy tarmoq «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunni buzgan deb topsa, uning O‘zbekiston hududidagi faoliyatini taqiqlash to‘g‘risida, ya'ni blok qilish bo‘yicha qaror chiqarishi mumkin.

  • Sherzod Ahmadovning aytishicha, serverlarda olib kelinishi talab qilinayotgan shaxsiy ma'lumotlar sirasiga fuqarolar tarmoqda ro‘yxatdan o‘tish uchun ishlatiladigan ism-familiya, telefon raqam va pasport ma'lumotlar kabilar kiradi.

Yana bir holat, xorijiy saytlar va ijtimoiy tarmoqlar o‘z ma'lumotlar bazalarini O‘zbekistonga olib kelganida ularni mustaqil saqlaydi. Bunda ularga serverlarni biror bir davlat tashkilotiga topshirish majburiyati yuklanmaydi, demoqda mas'ul vazirlik.

Shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy tarmoqda yozgan postlari, izohlari va yuklagan multimedia (foto va videolar) ma'lumotlar bazasini O‘zbekistonga olib kelib saqlash talab qilinmayapti.

«Anonim tarzda tarmoqlardan ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarning ma'lumotlari anonimligicha qoladi va ular O‘zbekistondagi serverlarga olib kelinishi shart emas.

Bunday anonim profil orqali postlarda yoki izohlarda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid ma'lumotlar tarqatilayotgan yoki targ‘ib qilinayotgan bo‘lsa, bu kabi ma'lumotlarni o‘chirish yoki o‘sha harakatni sodir etgan shaxsni aniqlash bo‘yicha xorijda joylashgan tarmoqqa rasmiy so‘rov yuboriladi. Bu oldindan qonunchilikda bor bo‘lgan holat», – dedi Sherzod Ahmadov.

Vazirlik rasmiysi qonunga bunday qo‘shimcha kiritilishidan qanday maqsad ko‘zlangani haqida to‘xtaldi.

«Agar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlari chet davlat hududida saqlansa, davlat o‘z fuqarolarining ma'lumotlariga nisbatan xorijiy kompaniya tomonidan «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonun talablarining bajarilishini nazorat qila olmaydi.

Bundan tashqari, agar o‘zbek kompaniyalari shaxsga doir ma'lumotlarni boshqa davlat hududida saqlasa ham, davlat belgilangan qoidalarning bajarilishini nazorat qila olmaydi, chunki u boshqa davlat hududida tekshiruvlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega emas», – deydi AKT vazirligi matbuot kotibi.

Vazirlik bu borada AQSh, Yevropa, Avstraliya, Hindiston, Qozog‘iston, Indoneziya, Turkiya va bir qator boshqa davlatlarning tajribalari o‘rganilganini qo‘shimcha qildi.

BBC O‘zbek xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistondagi bu yangilikni Facebook kompaniyasi salbiy qarshi olgan. Nashrga yetib kelgan ma'lumotlarga ko‘ra, Facebook Rossiya, Xitoy va O‘zbekiston kabi davlatlar bu yo‘l bilan so‘z erkinligini jilovlashga urinayotganidan xavotirda.

«Shaxsiy ma'lumotlarni davlat ichida saqlash iqtisod va inson huquqlari uchun yaxshi emas. Jahon bo‘ylab datani mahalliylashtirish foydalanuvchilarning shaxsiy hayoti, fikr erkinligi, xavfsizlik va inson huquqlariga sezilarli xavf tug‘diradi. Odatda bu hukumatning internet foydalanuvchisining shaxsiy ma'lumotini olish salohiyatini oshiradi», – degan BBC bilan suhbatda Facebook vakili.

Shuningdek, dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoq vakillari O‘zbekiston bilan muzokaralar davom etayotganini ma'lum qilgan.

Ma'lumot uchun, hukumat huzuridagi Davlat personallashtirish markazi – O‘zbekistonda shaxsga doir ma'lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilangan. Tashkilot shaxsga doir ma'lumotlar yuzasidan qonunchilik talablariga rioya etilishini ham nazorat qiladi.

Farrux Absattarov tayyorladi,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: