Kimyo sanoatida keng ko‘lamli transformatsiya amalga oshiriladi

O‘zbekiston 08:02 / 20.02.2021 6438

Norma’ning yozishicha, hujjatda kimyo, biokimyo, gaz va neft-kimyo sanoati transformatsiyasining asosiy uzoq muddatli strategik yo‘nalishlari belgilandi.
 
Texnologik transformatsiya – mahalliy xomashyodan yarim tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishning yangi quvvatlari negizida xomashyodan tayyorlangan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan ko‘p pog‘onali qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish.
 
Xo‘jalik munosabatlari tizimini transformatsiya qilish – davlat tomonidan aralashuvga chek qo‘yish va eskicha reja-taqsimlash tizimidan batamom voz kechish.
 
Mulkiy munosabatlar tizimini transformatsiya qilish – yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga xususiy kapitalni jalb qilish orqali kimyo korxonalarida davlat ulushini keskin kamaytirish va kimyo korxonalarini xususiylashtirish.
 
Raqamli transformatsiya – moliyaviy, moddiy va kadrlarga oid resurslar harakatini boshqarish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni markirovkalash, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari asosida buxgalteriya hisobini yuritish tizimlarini joriy etish uchun sohaga zamonaviy dasturiy ta'minot tizimlarini tatbiq etish.
 
Ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi munosabatlar transformatsiyasi – innovatsiya jarayonlarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni transfer qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar asosida fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish.
 
Kadrlar tayyorlash tizimining transformatsiyasi – kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek mavjud va yangi barpo etiladigan ishlab chiqarish quvvatlarini yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan ta'minlash.
 
2021 yildan boshlab Kimyo va gaz-kimyo sanoatida texnologik klasterlarni yaratish bo‘yicha ochiq hamkorlik dasturi joriy etiladi. Unda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishda xususiy va xorijiy investorlar va texnologik sheriklarni jalb qilish nazarda tutilgan. Dasturga quyidagi texnologik klasterlar kiritilgan:

«Navoiyazot» AJ, «Qo‘ng‘irot soda zavodi» MChJ, Ustyurt va Sho‘rtan gaz-kimyo majmualari, sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodining ishlab chiqarish va unga tutash hududlari;

transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlari tugagandan so‘ng «Farg‘onaazot» AJ va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish va unga tutash hududlari.
 
Quyidagilar tasdiqlandi:

2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga kiritilgan va amalga oshirish muddatlari jadallashtiriladigan investitsiya loyihalarining ro‘yxati;

2021-2025 yillarda kimyo sanoati korxonalarida ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, mavjud xomashyo bazasidan samarali foydalanish orqali yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan kimyoviy mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan investitsiya loyihalari ro‘yxati hamda ularni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»;
 
Quyidagilarni amalga oshirish belgilandi:

  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, «O‘zkimyosanoat» AJga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 noyabrga qadar 2035 yilgacha kimyo va gaz-kimyo sanoatini strategik rivojlantirishning maqsadli dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
  • «O‘zkimyosanoat» AJga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili 1 noyabrga qadar Dasturga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun salohiyatli investorlar va hamkorlarni tanlash bo‘yicha ochiq tanlov tayyorlanishi va o‘tkazilishini, shuningdek Dastur doirasida joylashtiriladigan yangi loyihalar bo‘yicha takliflar berilishini ta'minlash;
  • «O‘zkimyosanoat» AJ, Fanlar akademiyasi, OO‘MTV va Atom energetikasini rivojlantirish agentligiga bir oy muddatda Kimyo sanoati uchun innovatsion kimyoviy ilmiy-ishlab chiqarish va ta'lim klasterini tashkil etish konsepsiyasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
  • «O‘zkimyosanoat» AJga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2024 yilga qadar, bosqichma-bosqich «O‘zkimyosanoat» AJ korxonalarida ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini, moliyaviy, xo‘jalik va tashkiliy faoliyatni boshqarish va monitoring qilish, ishlab chiqarilgan tovarlarni sotish, yetkazib berish va ulardan foydalanishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish topshirildi.
Ko‘proq yangiliklar: