Qo‘lda sozlanadigan ilk futuristik ko‘zoynaklar namoyish etildi

Fan-texnika 15:51 / 07.02.2021 6236

VOY kompaniyasining dioptriyalarni -5 dan +2ga oson o‘zgartirish mumkin bo‘lgan ko‘zoynaklari CES 2021 texnologik ko‘rgazmasida mukofotga sazovor bo‘ldi.

Ko‘zoynaklarning keng tarqalib ketganini eslatish ham shartmas – atrofga boqishning o‘zi kifoya. Undan tashqari, millionlab odamlarga ikki ko‘zoynak kerak – biri o‘qish uchun, boshqasi ko‘chada taqish uchun. Bu juda noqulay, ikki ko‘zoynakni olib yurish va ularni almashtirib taqish odamning asabiga tegadi, ba'zan yashashga xalal beradi.

CES 2021 ko‘rgazmasida namoyish qilingan ko‘zoynak gardishidagi (oprava) murvatni burasa kifoya: sanoqli soniyalar ichida linzalar o‘z dioptriyalarini -5 va +2 diapozonida o‘zgartirishi mumkin.

VOY Glasses mualliflari ilmiy yangilik qilishgani yo‘q. Ular 1960-yillardagi Nobel mukofoti laureati Luis Valter Alvares tomonidan ishlab chiqilgan texnologiyadan unumli foydalanishgan. Bozorga chiqarilgan mahsulot sifatida esa, AQSh kompaniyasi o‘z tovarini dunyodagi birinchisi deya oladi.

VOY Glasses’ning futuristik ko‘zoynaklariga 79 AQSh dollari to‘lab buyurtma berish mumkin. Gardishdagi ikki murvatni burab, dioptriyani istalgan ko‘zga sozlab olish hamda «o‘qish» va «ko‘chada yurish» uchun zarur sharoitni yaratib olish mumkin.

Bu devays qanday ishlaydi?

Gardishdagi sozlovchi murvatlar ko‘zoynak shishalarida «sirpanuvchi» ikki polikarbonat plastinani almashtirib, -5 dan +2 gacha bo‘lgan diapozonda fokus olishni ta'minlaydi. Bu yerda hech qanaqa sehr yo‘q – bunday texnologiya tibbiy jihozlar va smartfon kameralarida qo‘llab kelinmoqda.

VOY oddiy va quyoshdan himoyalovchi qora ko‘zoynaklar ishlab chiqarmoqda. Quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklarni ko‘k rangni bloklovchi, ko‘z qamashishiga qarshi va ultrabinafsha nurlardan himoyalovchi qoplamali variantlarda taqdim qilyapti. Gardishni esa qora, toshbaqarang, jigarrang, kulrang, to‘q qizil va oq ranglarda buyurtma berish mumkin.

Vrach-oftalmolog tavsiyasisiz optik ko‘zoynak tanlash, uni «sozlash» durust ish emas. Bizni VOY Glasses’ni bozorga ommatan chiqishi va foydalanuvchilarning taassurot va munosabatlarini tahlili kutib turibdi. Innovatsion mahsulot qanchalar sifatli va foydali ekanini vaqt ko‘rsatadi. G‘oyaning o‘zi esa g‘aroyib!

Ko‘proq yangiliklar: