Koronavirusga qarshi vaksinalar. Nemis olimi ularning samaradorligi va xavfsizligi haqida gapirdi

Jahon 19:43 / 28.01.2021 14892

Muassasa rahbari Klaus Tsixutek Deutche Welle nashriga bergan intervyusida Yevropa ittifoqi tomonidan ma'qullangan BioNTech/Pfizer va Moderna vaksinalari qanchalar xavfsiz va samarali ekani, ularning nojo‘ya ta'siri va vaksinatsiyadan keyingi uzoq muddatlari effektlari haqida, shuningdek, bolalarni ham koronavirusga qarshi emlash masalalariga to‘xtalgan.

DW: BioNTech/Pfizer va Moderna Yevropa bozoriga chiqarilishiga izn berilgan ilk vaksinalar. Ularning samaradorligi haqida nima deyish mumkin?

Klaus Tsixutek: Hozircha har ikki vaksinaning ham reaktogenligi (vaksina organizmga yuborilganda qandaydir nojo‘ya ta'sirlar – harorat ko‘tarilishi, inʼeksiya qilingan joyda shish hosil bo‘lishi va hokazo) boshqa vaksinalarnikidan farq qilmaydi. Dastlabki ma'lumotlar umidbaxsh: klinik sinovlarda ikkala vaksinaning samaradorligi 90 foizdan oshdi. Hatto keksa yoshdagilarda ham samaradorlik 80 foizdan ortdi. Fikrimcha, biz barcha zaruriy standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan va sinovlardan o‘tib sertifikatlangan a'lo darajadagi ikki vaksinaga ega bo‘ldik. Binobarin ayni damda vaziyat juda soz.

— Har ikkala vaksinani ham ikki marta olish kerak. Bu koronavirusdan qancha muddatga himoyalanishni kafolatlaydi?

— Hozircha buni bilmaymiz. Bizda organizmning immun javobi barqaror ekani haqida xulosalar bor. Ba'zi ma'lumotlar vaksinani faollashtiradigan immun reaksiyasi kamida sakkiz oy davom etishini ko‘rsatyapti. Shundan keyin ham u zaiflashmaydi. Maymunlarda o‘tkazilgan tajribalar neytrallashtirilgan antitanachalarning juda kam ko‘rsatkichi ham bizni virusdan himoya qila olishini ko‘rsatyapti. Fikrimcha, har ikkala vaksina ham bizni ko‘proq muddat himoya qiladi. Biroq ularning uzoq muddatli samaradorligi va xavfsizligi haqida gapirishdan oldin qo‘shimcha ma'lumotlar yuzaga chiqishini kutish lozim.

— Hozirgacha qandaydir nojo‘ya ta'sirlar ma'lummi?

— Nojo‘ya ta'sirlar asosan bir necha kun davom etadi. Bu inʼeksiya qilingan joyda og‘riq, ba'zan charchoq, harorat ko‘tarilishi, bosh og‘rishi, mushaklar va bo‘g‘imlardagi og‘riq ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. In'yeksiya qilingan joyda biroz shish paydo bo‘lishi ehtimoli ham bor. Lekin bular istalgan vaksinadan keyin kuzatilishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta'sirlar. Ular ko‘pga cho‘zilmaydi va organizmga zarar yetkazmaydi. Koronavirus hayotga qanday xavf solishini hisobga olsak, unga qarshi vaksinaning nojo‘ya ta'sirlariga ko‘nish mumkin. Masalaning boshqa tarafi – koronavirusga qarshi vaksinaning nojo‘ya ta'sirlari grippga qarshi vaksinanikidan kamroq.

— Har ikki vaksinaning jiddiy asoratlari yo‘q deb aytish mumkinmi?

— Asoratlar bo‘lmaydi deb aytib bo‘lmaydi hozirdan. Ammo asoratlar asosan vaksinatsiya o‘tgandan keyingi dastlabki haftalarda paydo bo‘ladi. Bizga ma'lum bo‘lishicha, ular nihoyatda kam uchraydi. Ular allergik reaksiyalar bo‘lishi, judayam kam hollarda yuz nervlarining falajlanishi bo‘lishi mumkin. Lekin bu kabi simptomlar klinik sinovlarda ham kuzatilgan edi. Umuman olganda vaksinalar xavfsiz.

— Ko‘pchilik vaksinaning uzoq muddatli asoratlari paydo bo‘lishidan xavotirda. Asoratlar bo‘lish ehtimoli qanchalik?

— Vaksinatsiya jarayonida ko‘proq amaliy ma'lumot to‘plashimiz darkor. Klinik sinovlarning uchinchi fazasi ikki yil davom etadi va bu davrda uzoq muddatli asoratlar bo‘lish ehtimoli o‘rganiladi. Sinovdan o‘tayotgan har bir qatnashchi diqqat bilan kuzatiladi hamda har bir simptom va nojo‘ya ta'sir hujjatlashtiriladi. Biroq hozirgacha vaksinatsiyaning uzoq muddatli biror asorati qayd etilmadi. Paul Erlix nomidagi institut va boshqa muassasalar dori preparatlari ustidan farmakologik nazorati vaksina olgan shaxslarda ehtimoliy nojo‘ya ta'sirlarni ham o‘rganadi. Buning uchun bizning saytimizda SaveVac degan maxsus ilova bor. U yerda vaksina olganlar o‘zlaridagi nojo‘ya ta'sirlar haqida xabar berishlari mumkin. Bu bizga vaksina ta'sirini yaxshiroq tushunish va nojo‘ya ta'sirlarni daqiqroq kuzatish imkonini beradi.

— Germaniyada tibbiyot xodimlari va qariyalarga qarovchilarni majburiy vaksinatsiya qilish ehtimoli haqida bahs ketyapti. Odamlarning koronavirus vaksinasiga nisbatan ishonchsizligini qanday baholaysiz?

— Men odamlarga ushbu vaksinalar haqida ko‘proq narsa bilib olishni tavsiya qilishim mumkin, xolos. Bizning strategiya ularga maksimal darajada shaffof ma'lumot berishdan iborat. Birinchidan, vaksinalarni sertifikatlash zaruriy sinovlar va testlardan o‘tdi. Ikkinchidan, biz barcha dori preparatlarining monitoringini olib boramiz va bu bizga istalgan nojo‘ya ta'sirlarga reaksiya qila olish imkonini beradi. Uchinchidan esa, doimo vaksinaning riski va foydasini solishtirish kerak: hozirgacha barcha nojo‘ya ta'sirlar sezilmas va qisqa muddatli bo‘ldi.

— Vaksinatsiyadan keyin koronavirusdan himoyalanish darajasi qanchalar yuqori? Emlangan odamlar virus yuqtirib olishi mumkinmi?

— Vaksinatsiya endi boshlangani bois, amaliy tajribamiz hozircha kam. Lekin klinik sinovlar emlanganlar orasida kasallanganlar foizi juda kam bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Bu asosan emlangunga qadar simptomlarsiz kasallangan odamlarda kuzatilyapti. Vaksina olganlarning 95 foizida hatto kasallanganlar bilan kontaktdan keyin ham simptomlar kuzatilmagan.

— Yevroittifoqda sertifikat olgan har ikkala vaksina bilan hozircha bolalar emlanmaydi: BioNTech/Pfizer 16 yoshdan, Moderna esa, 18 yoshdan mumkin. Bolalar emlanishini qachon kutish mumkin?

— Ayrim nomzod-vaksinalar bolalarda ham sinalyapti. Izlanishlar natijasi shu yil kutilmoqda. Shundagina vaksinalarga beriladigan litsenziyalar bolalar va o‘smirlarga ham amalda bo‘ladi. Hammasi vaksinatsiya bo‘yicha komissiya bu vaksinalarni bolalarda qo‘llashga tavsiya qilish-qilmasligiga bog‘liq.

— Ba'zi ayollar vaksina hozirgi va kelajakdagi homiladorlikka salbiy ta'sir qilishidan xavfsirashmoqda. Ularning xavfsirashi qanchalar haqiqatga yaqin?

— Bizda homiladorlar orasida vaksinaga reaksiya haqida ma'lumot kam. Binobarin, hozircha ularga vaksina tavsiya etilmaydi. Jonivorlarda o‘tkazilgan noklinik tadqiqotlar emlash farzand ko‘ra olishga ham, homiladorlikka ham, homilaning rivojlanishiga ham ta'sir o‘tkazmasligini ko‘rsatdi. Lekin odamlarda o‘tkazilgan klinik sinovlar natijalarini kutishga majburmiz.

— Vaksinatsiya boshlangach allergik reaksiyalar haqida ma'lumotlar paydo bo‘la boshladi. Allergiyasi borlar ham emlanishi mumkinmi?

— Bu savolga universal javob yo‘q. Agar odam preparat tarkibida allergiya qo‘zg‘ovchi modda borligini bilsa, emlanmagani ma'qul. Changga yo oziq-ovqat moddalariga allergiyasi borlar emlanishi mumkin. Lekin ular ham vaksinatsiya qilingach, 15 daqiqa davomida shifokor nazoratida qolishlari va vaksina reaksiyasini tekshirib olishlari kerak. Vrachlar ro‘y berishi mumkin istalgan holatlarda yordam berishlari mumkin. Yana bir bor ta'kidlayman: bunday reaksiyalar ahyon-ahyonda uchraydi.

Ko‘proq yangiliklar: