O‘zbekiston | 09:03 / 25.01.2021
13554
4 daqiqa o‘qiladi

Elektr, issiqlik energiyasi, gaz va suvdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlardan biri dekriminalizatsiya qilinadi

“O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Qonun loyihasi prezidentning 2020 yil 24 noyabrdagi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 6118-son farmoni 13-bandi ikkinchi xatboshisi ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Farmonga ko‘ra, elektr va issiqlik energiyasi, gaz, ichimlik suvidan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni, agar huquqbuzarlik natijasida ancha miqdordan kam bo‘lgan zarar yetkazilgan bo‘lsa, dekriminalizatsiya qilish bo‘yicha qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish yuzasidan takliflar kiritish bo‘yicha topshiriq berilgan.

“Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish, elektr va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan yoki qoidani buzgan holda ulanish uchun aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha sud-tergov amaliyotining tahlili shuni ko‘rsatdiki, mazkur toifadagi huquqbuzarliklar bo‘yicha qilmishning ijtimoiy xavfliligi va uning uchun belgilangan jazolar o‘rtasida nomutanosibliklar mavjud.

Natijada, mazkur toifadagi ma'muriy huquqbuzarliklar va jinoyatlar uchun o‘rnatilgan sanksiyalar huquqbuzarlikning oldini olish maqsadiga xizmat qilmayapti. Jumladan, ayrim hollarda qilmishning xavflilik darajasi katta bo‘lmasa-da, qilmish jinoyat sifatida tasniflanayotgan bo‘lsa, boshqa holatlarda qilmishning ijtimoiy xavfi va yetkazilgan zarar miqdori katta bo‘lsa-da, u ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sifatida baholanmoqda”, - deyiladi hujjatda.

Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish huquqbuzarliklar uchun belgilangan jazolarning mutanosibligini ta'minlash hamda ushbu jazolarning, birinchi navbatda, huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilishini ta'minlash maqsadida quyidagilar taklif etilmoqda:

1) Jinoyat kodeksining 185-2-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni dekriminalizatsiya qilish;

2) jinoiy qilmishlar qasddan ancha miqdorda, ko‘p miqdorda va juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilishini nazarda tutganligini inobatga olib, JKning 185-2-moddasining ikkinchi – to‘rtinchi qismlaridagi sanksiyalarni kuchaytirish. Bunda, ijtimoiy xavflilik darajasi mutanosibligi hamda qilmish mohiyatan tovar (mol-mulk) hisoblangan energoresurslarni o‘zlashtirishda ifodalanishini inobatga olib, ushbu jinoyatlar uchun sanksiyalar miqdorini belgilashda talon-toroj qilish va o‘g‘rilik jinoyatlari uchun belgilangan sanksiyalar miqdoridan kelib chiqish.

3) dekriminalizatsiya qilinayotgan jinoyat tarkibini Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘tkazish hamda ushbu huquqbuzarlik uchun ma'muriy jazo choralarini kuchaytirish;

4) Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 163-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun javobgarlikni kuchaytirish.

“Taklif qilinayotgan o‘zgartirishlarning amaliyotda qo‘llanishi sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish va kamayishiga, ta'minotchi korxonalarga ushbu jinoyatlar natijasida yetkazilgan zararning to‘liq qoplanishiga sabab bo‘ladi”, - deyiladi loyihada.

Mavzuga oid