«XX asr Ibn Sinosi» – Samarqand davlat tibbiyot institutida Islom Zokirov faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi

O‘zbekiston 10:29 / 22.01.2021 9407

Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Sharja tibbiyot universiteti (BAA), Isroil tibbiyot universiteti, Rossiya Federatsiyasining N.I.Pirogov nomidagi tibbiyot ilmiy-tadqiqot universiteti, Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti, Astraxan davlat tibbiyot universiteti, Kemerovo davlat tibbiyot universitetlari, Ukrainaning Milliy tibbiyot universiteti (Odessa), Ternopol milliy tibbiyot universiteti, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistonning barcha oliy tibbiyot o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

Anjumanda buyuk shifokor, pedagog olimning hayot yo‘li, ilmiy merosi, akusherlik-ginekologiya bo‘yicha yaratgan ilmiy maktabi, ayollar va bolalar sog‘lig‘ini asrash bo‘yicha erishilgan yutuqlar, zamonaviy akusherlik va ginekologiyaning dolzarb masalalari muhokama etildi.

Konferensiyada O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, O‘zbekiston va Rossiya fanlar akademiyasining akademigi Shavkat Karimov, Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti rektori, professor Jevdat Erdol, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti rektori Nikolay Karyakin, Ukrainaning Ternopol milliy tibbiyot universiteti rektori Mixail Korda, Qozoq milliy tibbiyot universiteti rektori Talgat Nurgojin, Tojikiston davlat tibbiyot universiteti rektori Mahmudshoh Gulzoda, SamDTI rektori Jasur Rizayev, shuningdek, bir qator jahon ilmiy muassasalari va xususiy klinikalar rahbarlari so‘zga chiqdilar.

Yalpi majlisda akademik I.Zokirovning sharafli hayot yo‘li, serqirra faoliyati, respublikamizda onalik va bolalikni himoya qilish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari, ilmiy maktabi (80 dan ortiq fan nomzodlari va doktorlariga rahbarlik qilgan), zamonaviy akusherlik va ginekologiyaning bir qator dolzarb masalalari haqida ma'ruzalar eshitildi. Konferensiya «Onalar va bolalar sog‘lig‘ini saqlash – zamonaviy tibbiyotning ustuvor yo‘nalishi», «Ginekologik amaliyotning dolzarb masalalari», «Perinatal tibbiyotning dolzarb masalalari», «Akusherlik va ginekologiyada shoshilinch holatlar» kabi shu'balarda davom ettirilib, ularda 80 dan ortiq dolzarb ma'ruzalar qilindi.

Xalqaro konferensiyada anjuman ilmiy ishlarini o‘zida mujassam etgan SamDTIda nashr qilinadigan «Biologiya va tibbiyot muammolari» xalqaro jurnalining navbatdagi soni va akademik I.Z.Zokirovning «Tanlangan ilmiy asarlari» kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi.

Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya shubhasiz respublikamiz tibbiyotida avlodlararo ilmiy merosni asrash, tibbiyot sohasini eng zamonaviy ilmiy yutuqlar bilan boyitish, malakali tibbiyot kadrlarini tarbiyalash, tibbiyot oliygohlarini chet el universitetlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

SamDTI axborot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: