Tojikistonda masjidlar qachon ochilishi ma'lum qilindi

Jahon 13:08 / 21.01.2021 6481

1 fevraldan boshlab Tojikiston masjidlarida jamoat namozlarini o‘qishga ruxsat berilishi kutilmoqda. Bu haqda «Asia Plus» nashri xabar bermoqda. Nashr manbasiga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurashish shtabining 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida bu haqda qaror qabul qilingan.

Xabarda yozilishicha, agar kutilmagan favqulodda holat yuz bermasa, mamlakatdagi barcha masjidlar 1 fevral kuni ochiladi. Tegishli idoralar masjidlar ochilgandan so‘ng qanday qoidalarga amal qilishi kerakligini yaqin orada ma'lum qiladi.

Qayd etilishicha, Tojikistonda masjidlar 2020 yil 3 mart kuni yopilgan va o‘sha oyning oxirida qayta ochilgan edi. Biroq koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq xavf oshib boravergandan so‘ng pandemiyaning oldini olish maqsadida 18 aprelda yana yopiladi. O‘shandan buyon Tojikistonda masjidlar yopiqligicha qolmoqda.

Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha kunda mamlakatda koronavirusga chalinish holatlari kuzatilmayapti. Bu holat koronavirusga qarshi kurashish shtabi tomonidan mamlakat bo‘ylab joriy qilingan karantin cheklovlarini yumshatish haqida qaror chiqarilishiga turtki bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, Koronavirus pandemiyasining tarqalishini oldini olish maqsadida respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda masjidlar 2020 yil 20 mart kunidan boshlab yopilgan edi. Avgust oyiga kelib, pandemiya tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat biroz yumshagandan so‘ng, respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 17 avgustdan boshlab masjidlarda jamoat bo‘lib ibodat qilishga qayta ruxsat berildi. Komissiyaning o‘sha qarorida juma namozini jamoat bo‘lib o‘qishga ruxsat yo‘q edi. Juma namozini o‘qishga 5 sentyabrdan ruxsat berildi 

Ko‘proq yangiliklar: