O‘zbekistonda Sudyalar klubi ish boshladi

O‘zbekiston 23:39 / 21.01.2021 2414

Tadbirda kengash mutasaddilari, Oliy sud sudyalari, tizimning taniqli va faxriy vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishia, Sudyalar klubi amaldagi moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llanilishi yuzasidan so‘rovlariga tushuntirishlar beradi.

Sudyalar klubining ishini tashkil qilish va asosiy faoliyati yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlat sudyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish Sudyalar oliy kengashi ko‘magida amalga oshiriladi.

Shuningdek, Sudyalar klubi internet tarmog‘ida rasmiy kanallari va forumini yuritish orqali o‘zaro onlayn muloqotni amalga oshiradi, klub a'zolari uchun davra suhbatlari, seminar, vebinar va konferensiyalar, teleradio kanallari orqali maxsus ko‘rsatuvlar tashkil etadi.

Sud amaliyoti va sudyalar faoliyatidagi muammolarni aniqlash hamda ularning yechimi bo‘yicha huquqiy jihatdan asoslantirilgan tavsiya va maslahatlarni shakllantirish, sudyalarning nazariy bilimlari, amaliy tajribasi va kasbiy malakasini oshirish borasida ilg‘or xorijiy hamda xalqaro tajribalarni klub a'zolariga izchil yetkazib borish ham Sudyalar klubining asosiy faoliyati yo‘nalishiga kiradi.

Sudyalar klubi jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi va yuridik shaxs hisoblanmaydi.

Klubning doimiy mas'ul a'zolari ko‘p yillik ish tajribasiga, chuqur bilim va yuksak obro‘-e'tiborga ega amaldagi va faxriy sudyalar orasidan shakllantiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: