Koronavirusning supertarqatuvchisi Xitoyda virusning avj olishiga sababchi bo‘ldi

Jahon 09:36 / 21.01.2021 18844

Xitoyning Tszilin provinsiyasida infeksiyaning supertarqatuvchisi sababli koronavirusning avj olishi qayd qilindi. The Global Times nashrining xabar berishicha, ushbu supertarqatuvchi bir necha kun davomida 100dan ko‘proq kishiga infeksiyani yuqtirgan.

O‘tgan hafta Tszilinda koronavirusga chalinish bo‘yicha bitta-ikkita holat qayd qilinib kelingan. Biroq 17 yanvarga kelib u yerda 10ta holat, 18 yanvarda esa uch marta ko‘proq – 30ta holat qayd qilingan.

Aniqlanishicha, virusning avj olishiga keksalar uchun salomatlik tovarlarini ilgari surgan erkak sababchi bo‘lgan. U o‘zi bilmagan holda bir necha kun davomida virus tarqatib yurgan va 100dan ko‘proq kishini zararlagan. 

Erkak Tszilinga Xeylunszyan provinsiyasidan kelgan. Mutasaddi idoralar erkakning virus aniqlanishidan oldin bir hafta ichida bosib o‘tgan yo‘lini tuzib chiqishgan. Unga ko‘ra, erkak 4 marta poyezdda, 3 marta avtobusda va bir marta metroda yurgan.

Supertarqatuvchi Tszilinda keksalar uchun salomatlik klublarida 4 kun ichida “salomatlik bo‘yicha” 4 ta seminar o‘tkazgan. U umumiy hisobda seminarlarga kelgan 79 kishiga virusni yuqtirgan. Bu odamlar o‘z navbatida yana 23 nafar yaqin kishisini zararlagan. Kasallanganlarning o‘rtacha yoshi 63ni tashkil qilib, ulardan eng yoshi ulug‘i 87 yosh bo‘lgan. 

Xitoyda oxirgi sutkada 118ta yangi kasallanish holati qayd etildi. Ulardan 43tasi Tszilinga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, poytaxt Pekin, Xebey va Xeylunszyan provinsiyalarida ham virus tarqalishi o‘choqlari qayd qilingan. Shu bilan birga, Pekinda ilk bor koronavirusning “britancha shtammi” aniqlangan.

Mutasaddi shaxslarning ta'kidlashicha, Xitoyda virus tarqalishiga xorijdan kelayotganlar va xorijdan import qilinuvchi muzlatilgan mahsulotlar bosh sabab hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: