460 gektar yerni tadbirkorning nomiga o‘tkazib berish uchun 3 mln 720 ming dollari olayotgan shaxs ushlandi

O‘zbekiston 11:04 / 21.01.2021 24294

Qibraylik tadbirkor (ismi oshkor qilinmagan) bog‘dorchilik va chorva mollariga yaylov uchun yer ajratilishini so‘rab, o‘zi yashayotgan tuman hamda Toshkent viloyatining boshqa tumanlari hokimliklariga murojaat qilgan. Biroq bu murojaatlar kutilgan natijani bermagan, deb xabar qilmoqda «O‘zbekiston24» telekanali.

Shunda uning muammosidan xabar topgan Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi chorvachilikka ixtisoslashgan «Asiyan Milk Best» MChJ rahbari T.Q. ushbu jamiyatga tegishli Quyi Chirchiq tumanidagi 360 gektar sug‘oriladigan yerni va hozirda norasmiy foydalanib kelayotgan tuman zaxirasidagi 100 gektar yerni uning nomiga o‘tkazib berishini aytib, evaziga 3 million 700 ming AQSh dollari so‘raydi.

Shuningdek, bu ishlarni rasmiylashtirib berish uchun Quyi Chirchiq tumani hokimligidagi mansabdor shaxsga berishini aytib, yana 20 ming AQSh dollari talab qiladi.

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida T.Q. tadbirkordan 3 million 720 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Shahrixonsoy irrigatsiya tizimi boshqarmasi mutaxassisi Shahrixonsoy kanalining Asaka tumanidan oqib o‘tuvchi qismidagi muhofaza hududidan chorvachilik uchun 0,06 ga yer maydoni ajratib berish evaziga 500 dollar olayotgan vaqtida ushlangani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, Toshkent shahrida xususiy tijorat banki boshqaruvi raisi, Samarqand viloyati tumanlaridan birining markaziy dehqon bozori rahbari, Qarshi shahridagi jazoni ijro etish muassasasi nazoratchisi, Buxoro viloyatidagi tuman hokimligining komissiya mas'ul kotibi va boshqa mansabdor shaxslarning korrupsion jinoyatlari fosh etilgandi.

Toshkent viloyatida qayd etilgan yana bir holatda esa muqaddam 4 marta sudlangan shaxs Bo‘stonliq tumani Hojikent qishlog‘idagi 1 gektar yer maydonini tuman hokimligidagi tanishlari orqali mahalliy fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 160 ming AQSh dollari talab qilib, shundan 80 ming dollarini olgan vaqtida ushlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: