Rossiyada ishlash uchun patentni O‘zbekistonda rasmiylashtirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda

O‘zbekiston 15:56 / 20.01.2021 5532

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhiddinov, Rossiya ichki ishlar vazirligining «Pasport-viza xizmati» federal davlat unitar korxonasi bosh direktori S.Mashin ishtirok etgan tadbirda Rossiyada ishlash uchun patent rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatlarni O‘zbekistonda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Muloqotda «Pasport-viza xizmati» vakolatxonasining O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tish masalasi, ya'ni o‘zgartirishlar kiritilgan tashkilotning ustavi hozirda Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilayotgani ta'kidlandi.

Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan birgalikda O‘zbekistonda patentni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha maksimal xizmatlarning taqdim etilishi, moliyaviy xarajatlarni kamaytirish bilan birga «vijdonsiz vositachilar qo‘liga tushib qolish» nuqtayi nazaridan ularning xavfsizligini ta'minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani qayd etildi.

S.Mashinning so‘zlariga ko‘ra, migratsiya ro‘yxatidan o‘tkazish va tibbiy ko‘rikdan tashqari patentni rasmiylashtirish bo‘yicha deyarli barcha xizmatlarni O‘zbekistonda tashkil qilish mumkin.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyada patent olish bir haftadan ko‘p davom etmaydi, kelgusida bu muddatni 2-3 kunga qisqartirish rejalashtirilgan.

Muhokamalar davomida O‘zbekistondagi xizmatlarni tashkil etish masalalari xususida ham so‘z yuritildi. Xususan, O‘zbekistonda tibbiy xizmatni tashkil etish masalasida Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan muzokaralar olib borilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish uchun Rossiyaning xususiy laboratoriyalarini jalb qilish imkoniyati o‘rganilib, bugungi kunda «Xeliks» laboratoriyasi ushbu sohada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu laboratoriya faoliyatini O‘zbekistonda tashkil etish imkoniyati to‘g‘risida tegishli xulosa berishi kerak.

S.Mashin mehnat migrantlarini sug‘urtalash borasida Rossiyaning bir qator sug‘urta kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilgani va hozirga qadar «Rosgosstrax» va «Ingosstrax» tashkilotlari hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Sug‘urta polisi O‘zbekistonda rasmiylashtiriladi va mehnat migranti Rossiyaga kirib kelganidan keyin o‘z faoliyatini boshlaydi.

Uchrashuv natijasida Rossiya Ichki ishlar vazirligining «Pasport-viza xizmati» federal davlat unitar korxonasi xodimlariga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan joy ajratish masalalari hal qilindi. Rossiyada ishlash uchun patent rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatlarni O‘zbekistonda tashkil etish uchun birinchi navbatdagi vazifalar «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deyiladi xabarda

Ko‘proq yangiliklar: