Islom moliyasi O‘zbekistonga kirib kelmoqda. Bu biznesga qanday imkoniyatlar beradi?

Business class 20:21 / 20.01.2021 89313

Xo‘sh, Islom moliyasi nima, u bizneslarga qanday moliyaviy instrumentlarni taqdim etadi?

Islom moliyasi – shariat tamoyillariga zid bo‘lmagan moliyaviy biznesni aks ettiruvchi atama. An'anaviy moliya, xususan, odatdagi bank biznesi, mablag‘larni jalb etish va aholi hamda tadbirkorlarni moliyalashtirishga tayanadi. Shuning uchun bankir bilan mijozlar o‘rtasidagi munosabatlar har doim qarzdor-kreditor munosabatlaridir. An'anaviy bank ishining asosiy jihati shariat tomonidan taqiqlangan foizlardan iborat.

An'anaviy bank ishining eng muhim jihati shundaki, pul pulni yaratadi yoki pul foiz mukofot puliga ega. Ushbu amaliyot sudxo‘rlik (arabcha «ribo») Islom moliyasi tamoyillariga zid hisoblanadi. Pul hech qachon tovar sifatida qabul qilinmaydi. Buning o‘rniga Islom qonunchiligi doimiy ravishda pulni almashinuv vositasi, qiymat o‘lchovi va hisob-kitob birligi sifatida ko‘radi. Pul o‘z-o‘zidan pul yarata olmasligi sababli, foizga muqobil ravishda pul va foyda o‘rtasida bog‘liqlik o‘rnatilishi kerak.

Aynan shuning uchun, Islom banklari birinchi navbatda savdo, lizing va pullik operatsiyalar hamda investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanadi. Islom banklari foiz olish maqsadida depozit olish va qarz berishlari mumkin emas. Islom banklari va ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlarning mohiyati turli xil moliyaviy instrumentlar yoki shartnomalarga ko‘ra farq qiladi. Ushbu maqolada Islom moliyasidagi asosiy moliyaviy instrumentlarni ko‘rib chiqamiz.

Islom moliyasi instrumentlari

Murobaha shartnomasi tomonlar o‘rtasida oldi-sotdi shartnomasi ustama haq evaziga bo‘lishini anglatadi. Murobaha Islom banklari tomonidan amalga oshiriladigan aktivlarni moliyalashtirishning eng keng tarqalgan usuli hisoblanadi. Ushbu shartnoma mijoz, tovarlarni yetkazib beruvchi va Islom banki o‘rtasida uch tomonlama imzolanadi. Bank yetkazib beruvchidan qisqa yoki uzoq muddatli aktivni sotib olib, mijozga qimmatroqqa ustama haq bilan, belgilangan muddatda to‘lash sharti bilan sotadi. Bank moliyalashtirilayotgan aktivni garovga olishi yoki boshqa turdagi kafolatni talab qilishi mumkin. Murobaha shartnomasida sotuvchi o‘z yetkazib beruvchisidan tovarlarni sotib olayotganda, xaridorga sotib olishning tannarxini sotishdan oldin aytadi, ya'ni bank tovarning tannarxiga qancha ustama qo‘yganini oshkor qiladi.

An'anaviy banklardan farqli o‘laroq, narx bo‘yicha kelishilgan qo‘shimcha foyda davr davomida o‘zgarmaydi. Amalda Islom banklari an'anaviy banklar bilan raqobatbardoshlikni yo‘qotmaslik uchun muddatidan oldin to‘lovni to‘liq amalga oshirsa, Murobaha shartnomasi uchun chegirma berishi mumkin, bunda chegirma Murobaha shartnomasida oldindan kelishilgan bo‘lishi mumkin emas.

Muddatida yopilmagan to‘lovlar uchun jarima esa, tovon puli sifatida shartnomaga kiritilishi mumkin, ammo xayriya mablag‘lari sifatida tarqatilishi zarur. Chunki bu jarima faqat mijozlarni tartibga chaqirish va mijozlar Murobaha shartlarini suiiste'mol qilishlarining oldini olishga qaratilgan. Bank ushbu jarima pulining bir qismini mijoz o‘z vaqtida to‘lamaganligi tufayli bank tomonidan bajarilgan xarajatlarni qoplash uchun olishi mumkin (misol uchun, to‘lovlarni undirish uchun ketgan sarf-xarajatlar). Yo‘qotilgan imkoniyat yoki mablag‘ sarflari uchun jarima olish mumkin emas.

Muzoraba – bu investor («Robbul mol») va tadbirkor («Muzorib») o‘rtasidagi foydani taqsimlash shartnomasi. Muzoraba shartnomasida investor foydani kelishilgan nisbatda yoki foizda tadbirkor bilan taqsimlashga rozilik beradi.

(1) Tadbirkorlik faoliyati uchun kapital manbai sifatida, tadbirkor Muzoraba shartnomasi bo‘yicha Islom bankidan sarmoya olishi mumkin. Agar bank rozi bo‘lsa, har ikki tomon ham korxona foydasini bo‘lishishini tushungan holda tadbirkorga mablag‘ beradi.

(2) Banklar omonat jalb qilish faoliyatida, Muzoraba shartnomasi bo‘yicha jismoniy yoki yuridik shaxslardan jalb qilingan pullarga sarmoya sifatida qaraladi. Bank ushbu investitsiyalarni tijorat faoliyatidan, ya'ni jismoniy shaxslar va tadbirkorlarni moliyalashtirish uchun ishlatadi. Muzoraba shartnomasiga binoan, bank omonatchiga investitsiyalar evaziga o‘z foydasidan ulushni oldindan kelishilgan nisbat asosida berishga rozi bo‘ladi.

Muzoraba orqali investitsiyalarni moliyalashtirish – bu bankning mijozi bo‘lgan tadbirkorlar tomonidan olingan foydani taqsimlash maqsadida tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq tavakkalchilikda ham ishtirok etishni nazarda tutadi. Muzoraba shartnomasi ishtirokchilari faqatgina ushbu korxonalar muvaffaqiyatli bo‘lgan taqdirda foyda ko‘radi. Agar loyiha muvaffaqiyatsiz bo‘lsa, moliyachi sarmoyasini yo‘qotadi, tadbirkor esa loyihaga sarf qilingan vaqt va kuchini yo‘qotadi.

Muzoraba, Mushorakadan farqli o‘laroq, investor («robbul mol»)ga biznesni boshqarishda ishtirok etish huquqini bermaydi.

Mushoraka – bu sherikchilikning bir shakli. Buni odatdagi kapital bozoridagi aksiyalarni sotib olishga o‘xshatish mumkin, ammo qilingan investitsiyalar shariat tamoyillariga mos keladigan aksiyalar va moliyaviy qimmatli qog‘ozlar yoki boshqa aktivlar bilan cheklanishi kerak.

Muzoraba kabi kapitalga asoslangan moliyalashtirishning bir shakli sifatida, Mushoraka – bu moliyalashtiruvchi tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq xatarlarda ishtirok etish majburiyatini keltirib chiqaradi. Mushorakada barcha sheriklar korxona foydasi yoki zararini bo‘lishadigan qo‘shma korxona hisoblanadi. Foyda taqsimoti kelishilgan nisbati, ammo zararni taqsimlash nisbati esa har doim sheriklarning kapitalga kiritgan ulushiga mutanosib bo‘lishi kerak. Shuningdek, bu investorga korxonani boshqarish, kundalik amaliyotlar va korxona faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha muhim qarorlarni qabul qilishda ishtirok etishiga imkon beradi.

Foydani taqsimlashda Mushoraka tomonlarning sarmoyadagi ulushi va korxonani boshqarishdagi sa'y-harakatlariga qarab turlicha bo‘lishi mumkin. Mushoraka turli iqtisodiy sohalarni moliyalashtirish uchun eng moslashuvchan va qulay vosita hisoblanadi.

Ijara – o‘z nomi bilan, ijara yoki lizing shartnomasidir. Ijaraga berilgan mulk huquqi buyurtmachiga o‘tkazish imkoniyati ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ijara shartnomasi «Ijara muntahia bi tamlik» (mulkdorlik bilan yakunlanuvchi ijara) deb yuritiladi. Ushbu moliyalashtirish vositasining maqsadi ijara muddati tugagandan so‘ng ijara oluvchiga ijara obektini uning nomiga o‘tkazib berishdir.

Ushbu ijara konsepsiyasi Islom moliyasi muassasalari tomonidan qo‘llaniladigan moliyaviy lizingga muqobil mahsulot hisoblanadi. Ijaraning bir nechta shakllari mavjud bo‘lib, ular ijara beruvchidan ijara oluvchiga sovg‘a qilish, sotish va ulushni o‘tkazish kabi aktivga egalik huquqini o‘tkazishning turli xil usullarini aks ettiradi.

Takoful – arabchada «kafala» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, kafolat berish ma'nosini beradi. Aniqroq aytganda, bu «takafala» fe'lidan kelib chiqib, o‘zaro kafolat berish va bir-birini himoya qilish ma'nosiga ega. Shuning uchun, so‘zma-so‘z tarjima qilinganda, bu o‘zaro yordamni anglatadi.

Ta'kidlash joizki, Takoful shartnomasi bir-birlariga yordam berish g‘oyasiga asoslangan bo‘lib, har bir ishtirokchi o‘zaro himoya qilish kelishuviga ko‘ra, har qanday yordamga muhtoj a'zoga moddiy yordam ko‘rsatish uchun umumiy jamg‘armaga o‘z hissasini qo‘shadi. Asosan Takoful o‘zining falsafasi va tuzilishi jihatidan an'anaviy o‘zaro sug‘urtaga juda o‘xshaydi. Takofulning barcha faoliyati Islom tamoyillarga asoslangan bo‘lishi, unda shariat kengashi tashkil etilishi va da'volar haqiqatan ham qonuniy bo‘lishi kerak.

Salam – xomashyo narxini darhol to‘lash, xomashyoni esa kelishilgan kechiktirilgan muddatda yetkazib berish uchun sotib olishni anglatadi. Salam shartnomasida narx to‘liq va oldindan to‘lanadi. Ushbu turdagi shartnomalar xomashyo narxi o‘zgarishi mumkin bo‘lgan joylarda qo‘llanilishi mumkin. Xaridor shartnoma imzolangan kunga sotib olish narxi bilan kafolatlanadi va shu bilan narxlarning ko‘tarilishidan saqlanadi (demak, risklarni boshqarish vositasi sifatida ishlatiladi).

Istisna – bu sotiladigan obektni qurish, ishlab chiqarish yoki tiklash uchun belgilangan narx bo‘yicha, belgilangan muddat davomida, tomonlar o‘rtasida belgilangan xususiyatlarga ega obektni moliyalashtirish shartnomasi. Istisnani moliyalashtirishda savdo obektini quradigan, ishlab chiqaradigan yoki tiklaydigan mijozga avans to‘lovlari shaklida taqdim etiladi.

Sukuk – mulkchilik manfaatlarini ifodalovchi teng nominaldagi investitsiya sertifikati. Sukukni sarmoyadorlarga foyda keltiradigan va an'anaviy aktivlar bilan ta'minlangan qimmatli qog‘ozga o‘xshash Islom moliyalashtirish instrumenti deb tasavvur qilsa bo‘ladi. Sukuk ribo yoki foizni taqiqlovchi shariat tamoyillariga muvofiq tarzda tuziladi. Sukuk davlatlar yoki tashkilotlar tomonidan chiqariladi va turli xil bitimlar asosida bo‘lishi mumkin, xususan, Murobaha, Ijara, Istisna, Mushoraka va boshqalar.

Javlon Umarov

Moliyachi, ACCA sertifikatlangan diplomli buxgalterlar uyushmasi a'zosi (Buyuk Britaniya), Kardiff metropoliten universiteti magistri (Buyuk Britaniya), MHXS Fondi ekspertlar qo‘mitasi a'zosi.

Javlon Umarov 2018 yilgacha PricewaterhouseCoopers'ning Dubay shahridagi vakolatxonasida moliyaviy maslahatchi sifatida ishlagan. Tajribasi davomida Islom banklari uchun audit va konsalting xizmatlarini ko‘rsatgan. Ayni paytda Finspect Advisory konsalting tashkiloti rahbari.

Ko‘proq yangiliklar: