Adliya vazirligida prezident qarorlari ijrosini nazorat qilish bo‘yicha yangi boshqarma tuziladi

O‘zbekiston 11:26 / 20.01.2021 3540

2021 yil 20 yanvar kuni prezident hujjatlari va topshiriqlarining samarali ijrosini ta'minlash mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ishtirok etgan adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Ta'kidlanishicha, Adliya vazirligi tomonidan ijro masalasida butunlay yangi tizim – to‘rt bosqichdan iborat “Samarali ijro tizimi”ni (Policy implementation) joriy qilish taklif qilinmoqda.

Vazir o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, yangi nazorat tizimi quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • mavjud shtatlar doirasida Adliya vazirligida O‘zbekiston prezidenti qarorlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tashkil etiladi;
  • Adliya vazirligiga topshiriqlarni nazorat qiluvchi elektron “Ijro.gov.uz” tizimi o‘tkaziladi. Mazkur tizim takomillashtirilib, yangi versiyasi ishlab chiqiladi, topshiriqlar “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritiladi va mas'ul ijrochilar belgilanadi;
  • ijroni ta'minlash choralarini ko‘rish bo‘yicha ularga ogohnoma va ko‘rsatmalar kiritiladi, aybdor mansabdor shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortiladi;
  • topshiriqlarning joriy ijro holati doimiy monitoring qilinadi.

Bundan tashqari, adliya vaziri o‘rinbosarlariga barcha respublika idoralari va viloyatlar biriktiriladi.

Rahbarlar bilan birga, o‘rta va quyi bo‘g‘in xodimlarini har bir yangi qaror bo‘yicha bir hafta ichida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, televideniye va radioda ijro masalalari bo‘yicha har 15 kunda soha va hududlar kesimida “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” nomli rukn yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi tizimga ko‘ra, har bir qabul qilingan yangi qaror hududiy adliya idorasiga kelib tushishi, bu borada qaysi rahbar nima ish qilishi kerakligi, ishni qanday tashkil etish zarurligi batafsil ko‘rsatiladi va hokimlarga ijro uchun kiritiladi.

Shuningdek, har oyda joylarga chiqib, qarorlar ijrosi yuzasidan manzilli va sohaviy o‘rganishlar o‘tkaziladi.

“Biz shunday tizim ustida ishlayapmizki, kelgusida prezidentning har qanday topshirig‘ini bajarmaslik favqulodda holat sifatida qaraladi”, – dedi Xudoyor Meliyev.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 18 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident hujjatlari ijrosining yangi tizimi joriy etilishi aytilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: