Shushani turk dunyosining madaniy poytaxti deb e'lon qilish taklifi bildirildi

Jahon 19:55 / 19.01.2021 13130

Qorabog‘dagi urushlarda Ozarboyjon tarkibiga qaytgan Shusha shahrini 2022 yilda turk dunyosining madaniy poytaxti deb e'lon qilish taklifi bildirildi. Bu taklif turk tilida so‘zlashuvchi mamlakatlar tomonidan tuzilgan Turkiy kengash tomonidan Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi rasmiylari bilan uchrashuv vaqtida bildirilgan.

Turkiy kengashga O‘zbekiston, Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Vengriya kabi mamlakatlar a'zo hisoblanadi. O‘zbekiston 2009 yil tashkil etilgan kengashga 2019 yilda qo‘shilgan.

Turkiy kengash har yili biror shaharni turk dunyosining madaniy poytaxti deb e'lon qiladi va shu tariqa o‘sha shaharning turk olamidagi o‘rni balandligi bildiriladi. 1993 yildan buyon Armaniston nazoratida bo‘lgan Shusha shahri azaldan turk olami uchun muhim ahamiyat kasb etgan. 27 yil davomida shaharning nomi ham o‘zgarib (Shushi), turk madaniyati uchun qadrli bo‘lgan madaniy obektlari jiddiy zarar ko‘rgan.

Turkiy kengash 2022 yilda Shushani turk dunyosining madaniy poytaxti deb e'lon qilish orqali shaharning qayta tiklanishiga hissa qo‘shmoqchi. Bir yil davomida shaharda ko‘plab xalqaro madaniy tadbirlar o‘tkaziladi. Kengash delegatsiyasi Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan uchrashuvdan avval Shushada bo‘lishdi.

Ma'lumot uchun, Shusha 8 noyabr kuni Ozarboyjon armiyasi nazoratiga o‘tgan va bu Qorabog‘ urushi uchun hal qiluvchi yurish bo‘lgandi. Aynan Shusha egallangach, Armaniston tomoni taslim bo‘lgan va 9 noyabr kuni uch tomonlama tinchlik shartnomasi tuzilgandi.

Ozarboyjon Qorabog‘dagi urush natijasida qo‘lga kiritgan uchta hududni rivojlantirish uchun 1,3 milliard dollar pul ajratdi. Shuningdek, Qorabog‘ni qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus fond ochildi. Ilhom Aliyev aynan Shushaga keladigan sayyohlarga qulaylik tug‘dirish maqsadda Fuzuliyda xalqaro aeroport qurilishini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: