FIFA referesi Sherzod Qosimov kelishilgan o‘yinlarda qatnashgani uchun 3 yilga futboldan chetlatildi

Sport 17:46 / 19.01.2021 14887

«O‘FA Etika qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida FIFA va OFK hakami Sherzod Qosimov bo‘yicha aniqlangan holatlar ko‘rib chiqildi.

Qo‘mita tomonidan Sherzod Qosimov O‘FA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan bir qator futbol uchrashuvlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta'sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 3 (uch) yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirish xususidagi qaror qabul qilindi. Mazkur qaror O‘FA tomonidan rasmiy tarzda e'lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi», - deyiladi O‘FA bayonotida.

Dekabr oyida Sherzod Qosimov O‘FA tomonidan Qatardagi OChLdan chaqirib olingani xabar qilingandi.

Qosimov o‘tgan yilning avgust oyida «So‘g‘diyona» - «Bunyodkor» (3:3) o‘yinidagi bir qator shubhali qarorlari uchun Superliga bahslaridan 4ta o‘yinga chetlatilgan, ammo bu haqda O‘FA tomonidan rasman e'lon qilinmagandi. Keyin esa Pro ligada «Oqtepa» - «Dinamo» (1:1) uchrashuvida mehmonlar darvozasi tomon belgilangan penalti va qizil kartochkasi tufayli Samarqand jamoasi e'tiroziga sabab bo‘lgandi. So‘nggi marta Superligada 17 oktabr kuni «Mash'al» - OKMK (0:2) uchrashuvida ishlagan 32 yoshli arbitr boshqa o‘yinga tayinlanmagandi.

Eslatib o‘tamiz, bungacha kelishilgan o‘yinlar va korrupsion ishlarga aralashgani uchun FIFA hakami Jasur Muxtorov 5 yil muddatga, bosh hakam Temur To‘xtasinov 2022 yilgacha, bosh hakam Asker Najafaliyevni esa 2020 yil oxirigacha futboldan chetlatilgani va har biri 90, 70 va 10 million miqdorida jarimaga tortilgani haqida xabar qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: