Endi qiynoq jinoyatini sodir etgan shaxslar muddatidan ilgari ozod qilinmasligi mumkin

O‘zbekiston 10:37 / 19.01.2021 6045

Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi takomillashtiriladi. Bu haqda Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida aytilgan.

Unga ko‘ra, 2021 yilning birinchi choragida kelishuv asosida Oliy Majlis palatalari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Inson huquqlari bo‘yicha vakil - ombudsman, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqadi.

Loyihada:

  • Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzurida qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarini tashkil etish, ushbu guruhlar faoliyatini ommaviy axborot vositalari orqali keng va muntazam yoritish;
  • ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga «monitoring tashriflari» tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi qiynoq holatlarini aniqlash va ular oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarining davlat organlari va mansabdor shaxslar bilan o‘zaro munosabatda bo‘lish qoidalarini belgilash hamda ular o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • harakatlanish erkinligi cheklangan (gauptvaxtada hibsda saqlash qo‘llanilgan, ma'muriy qamoqqa olingan, jinoyat ishini yuritish chog‘ida ushlab turilgan va qamoqqa olingan, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolarga hukm qilingan, majburiy davolash muassasasiga joylashtirilgan) shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish;
  • harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shu jumladan bunday joylarga har chorakda kamida bir marta monitoring tashriflarini amalga oshirish;
  • qiynoq uchun javobgarlik belgilovchi normalarni xalqaro konvensiya talablariga muvofiqlashtirish, shuningdek qiynoq jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan shartli hukm qilish, jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilish instituti qo‘llanilmasligini belgilash;
  • Oliy Majlis palatalari har yili Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha ma'ruzasini eshitib borish tartibini belgilash nazarda tutiladi.
Ko‘proq yangiliklar: