Tadbirkorlarni tekshirishga e'lon qilingan moratoriyni joriy etish tartibi ishlab chiqilmoqda

O‘zbekiston 15:38 / 16.01.2021 4580

Biznes-ombudsman devoni bosh inspektori Abduvali Abdumavlonov 15 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida moratoriy masalasida prezident tomonidan bildirilgan taklif bo‘yicha ishlar boshlanganini ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Aytilishicha, normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilganidan keyin mazkur masala to‘liq yechim topadi. 

«2018 yilda O‘zbekiston prezidentining tegishli farmonlari bilan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatidagi moliya xo‘jalik faoliyatini tekshirishlarga ikki yil muddatga moratoriy e'lon qilingan. Ushbu moratoriy muddati 2020 yil fevral oyida tugagan edi. Lekin pandemiya sabab tadbirkorlarga yengillik berish maqsadida soliq audit tekshirishlari 2021 yil 1 yanvargacha to‘xtatilgan.

Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida aynan ushbu moratoriy o‘zining ijobiy foydasini berganini ta'kidlab, buni yana bir yil muddatga cho‘zish taklifini berib o‘tdi.

Bu moratoriyning qanday shartlarda va qancha muddatga tatbiq etilishi davlat dasturida belgilanadi. Bugungi kunda davlat dasturini ishlab chiqish jarayoni ketmoqda. Nafaqat moratoriy masalasida, balki murojaatnomada berilgan boshqa takliflar yuzasidan ham davlat dasturi doirasida uning shartlari va muddatlari belgilab berilishi kutilmoqda.

Avvalgi moratoriy shartlariga e'tibor beradigan bo‘lsak, bu aynan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatidagi moliyaviy xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq tekshirishlarga e'lon qilingan edi. Xuddi o‘shanda moratoriy davom etadimi yoki faqatgina moliya xo‘jaligi bilan bog‘liq yoki boshqa turdagi tekshirishlar ham kiritilishi haqida normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilganidan keyin ma'lumot beriladi», – dedi u.   

Ma'lumot uchun, prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga o‘tgan yilgi murojaatida 2021 yilda ham tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha yanada qulay sharoitlar yaratilishini ma'lum qilgan edi.

«Xabaringiz bor, bundan 4 yil oldin tadbirkorlik sub'yektlarida tekshirishlar o‘tkazishga moratoriy e'lon qilgan edik. Buning natijasida o‘tgan davrda tadbirkorlar soni 2 barobar ko‘payib, 400 mingtaga yetdi. Shuning uchun moratoriy muddatini yana bir yilga uzaytirishni taklif etaman», – degan davlat rahbari.

Hukumat qaroriga asosan, 2021 yilda yangi tartibdagi soliq tekshiruvlari tizimi joriy qilindi. Unda soliq to‘lovchilar «yashil» (xavfi past), «sariq» (xavfi o‘rta), «qizil» ( xavfi yuqori) yo‘laklarga ajratilib, soliq tekshiruvlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. «Yashil» yo‘lakka kiruvchi soliq to‘lovchilarga nisbatan tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: