Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari Toshkentdagi o‘qishga jalb etildi

O‘zbekiston 16:27 / 16.01.2021 8590

Joriy yil 15 yanvar kuni Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlari hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari hamda ushbu hududda joylashgan tuman va shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari Toshkentda tashkil etilgan seminar-treningda ishtirok etish uchun poytaxtda bo‘lib turishibdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, seminar-treningdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar – hududlarni kompleks rivojlantirishda yangicha tizimni joriy qilish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, o‘sish nuqtalarini aniqlash, mahalliy budjetlar daromadlar bazasini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, faoliyatni rejalashtirish va ishlarni tashkil qilish hamda vaqtdan unumli foydalanish orqali samaradorlikni oshirish, kurs ishtirokchilarida xalqaro tajribaga asoslanib kelajakda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar haqida ko‘nikma hosil qilish.

Ushbu o‘qishga jalb etilgan Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Kun.uz bilan suhbatda 2021 yilda viloyat iqtisodiy kompleksi oldiga qo‘yilgan vazifalar, reja va maqsadlar haqida gapirib bergan. Shuningdek, iqtisodiy kompleks rahbarlarining ish uslubi, kambag‘allikka qarshi kurashishdagi harakatlari haqida mulohazalarini bildirgan.

Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida joriy yilning 11-26 yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimlari birinchi o‘rinbosarlarining saviyasi va malaka darajasini oshirish maqsadida seminar-treninglar tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.

Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2021 yil boshida tashkil etilgan XPK sessiyasida hokim o‘rinbosarlari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv tashkil qilinishi, o‘rganishlarda ularning 12 nafari qo‘yilgan talabga javob bermagani, 40ga yaqini esa o‘z lavozimida shartli ravishda qoldirilgani haqida gapirgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: