Sherzod Shermatov “o‘qituvchilar soni 80 mingga ko‘p” degan so‘zlariga aniqlik kiritdi

O‘zbekiston 23:22 / 16.01.2021 39033

 Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov rasmiy sahifalarida avvalroq o‘zi tomonidan aytilgan “Maktab o‘qituvchilari soni jami ish stavkasidan 80 mingtaga ko‘p” degan so‘zlarga qo‘shimcha izoh berdi.

 “Avvalroq, sohada yarim million o‘qituvchilar bo‘lib, ular mavjud stavkalar soniga qaraganda 80 mingga ko‘p deb bergan ma'lumotimizga ozgina aniqlik kiritsak.

Maktablarda aynan malakali o‘qituvchilarga talab juda yuqori. Lekin ushbu grafikda ko‘rishingiz mumkinki, atigi 3 foiz o‘qituvchi oliy toifaga, 11 foiz esa birinchi toifaga ega, ya'ni umumiy 14 foiz o‘qituvchini yashil kategoriyaga ajratsa bo‘ladi. Bular nafaqat maktab direktori tomonidan e'zozda, balki ota-onalar ham aynan shunday malakali o‘qituvchilarni repetitor sifatida qo‘shimcha dars berishga ko‘ndirishga harakat qilishadi.

Avvalgi post grafigidagi qizil kategoriyadagi maktablarga borilsa, aksariyatida umuman oliy toifali o‘qituvchi yo‘q ekani ko‘rinadi. Aksincha, yashil kategoriyadagi maktablarda oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ham nisbatan ko‘proq bo‘lib chiqyapti.

Endi, quyiroqdagi grafikka e'tibor bersangiz, yashil kategoriyali o‘qituvchilar pedstavkaga nisbatan ko‘p emas, aksincha joylarda ularga talab juda yuqori. Qizil kategoriyadagi, ya'ni toifasiz o‘qituvchilar orasida va umuman oliy ta'limda o‘qimagan o‘qituvchilar orasida aynan bir o‘qituvchi o‘rnida bir necha o‘qituvchi ishlayotgani grafikdan yaqqol ko‘rinadi. Buning natijasida ularning haqiqatda olayotgan oyligi ham anchagina kamayadi. Ushbu qizil kategoriyadagi o‘qituvchilar umumiy o‘qituvchilarning yarmidan ko‘pini tashkil etadi. 80 ming o‘qituvchi ko‘proq deyilgani ham aynan ushbu qizil kategoriyadagi o‘qituvchilar orasidadir. 

Shu sababli, qizil kategoriyadagi o‘qituvchilarimizdan ko‘proq o‘z ustilarida ishlab, o‘z fanlarini chuqurroq o‘rganib, navbatdan tashqari malaka toifa imtihonlaridan o‘tib, o‘z toifalarini oshirishlarini so‘raymiz. Shu orqali ularning oylik maoshlari ham oshadi. Toifasiz o‘qituvchi va oliy toifali o‘qituvchi oyligi orasidagi farq ham anchagina, shuningdek, xabaringiz bor yuqori toifali o‘qituvchidan soat ortib qolsagina pastroq toifa o‘qituvchiga beriladigan tartib joriy etilmoqda. Bu esa malakali o‘qituvchining oyligi yana oshishiga yordam beradi. Bundan buyog‘iga ham oylik oshirish bo‘yicha siyosat yuqori malakali o‘qituvchi bilan toifasiz o‘qituvchi oyligi orasidagi farqni oshirishga qaratiladi.

O‘qituvchi boshqa tumanga ishlash uchun borganiga 50 foiz, boshqa viloyatga borganiga esa 100 foiz qo‘shimcha to‘lanishi ham faqat oliy va birinchi toifali o‘qituvchilarga taalluqli bo‘lgani ham bunday o‘qituvchilarimiz o‘z ustilarida ishlashlari uchun qo‘shimcha stimul bo‘ladi deb umid qilamiz.

O‘qituvchining o‘z kasbini hamda bolalarni sevishi, o‘z malakasini doimiy oshirib borishi eng muhim masaladir va qolgan tashqi faktorlar ikkilamchi. Masalan, yaqinda Bulung‘ur tumanidagi 2 ta to‘q qizil kategoriyadagi maktablarga tashrifimiz chog‘ida shunga guvoh bo‘ldikki, avvalo, ularning moddiy texnik holati o‘sha tumandagi yashil maktabnikidan yaxshiroq ekani, hamda qizil maktablar bitiruv sinflaridagi o‘quvchilari soni 15,16 va 19 nafarni tashkil etgani va aksincha yashil maktabda o‘quvchilar soni sinfda bundan ancha ko‘p bo‘lgan.

Uch-to‘rt yil avval bunday talab qo‘yib bo‘lmas edi, chunki o‘qituvchi o‘zining ishidan boshqa barcha ish bilan shug‘ullanar, hamda qog‘ozbozlikka ko‘milgan edi. Hozir esa o‘qituvchidan faqat o‘z ustida ishlash, hamda o‘quvchilarning natijaga erishishlariga harakat qilish talab etiladi. Hozirning o‘zidayoq, darhol qizil kategoriyadagi o‘qituvchiga chora ko‘rilsin deb aytilgani yo‘q. Asosiy maqsadimiz ta'lim sifatini oshirishga birgalikda harakat qilish! O‘qituvchilar orasida ham sog‘lom raqobat shakllanishi barcha maktablarda ta'lim sifati oshishiga yordam beradi.

P.S.: Eslatib o‘tmoqchiman: Oliy va birinchi toifani Xalq ta'limi vazirligi bermaydi. Toifani Vazirlar Mahkamasi huzuridagi alohida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi imtihonlari asosida beriladi”, – degan vazir o‘z sahifasida.

Ko‘proq yangiliklar: