Prezident: Yunusobodda 2 ming ishsiz bor deyishdi, bu yolg‘on. Kamida 20 ming ishsiz bor

O‘zbekiston 00:49 / 16.01.2021 18026

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar kuni Yunusobod tumani faollari bilan muloqotda tumandagi ishsizlik masalasiga to‘xtaldi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Menga Yunusobodda 2 ming kishi ishsiz, deb ko‘rsatishdi. Bu noto‘g‘ri! Tumanda kamida 20 ming ishsiz bor.

Mana, tumanga yangi hokim qo‘ydik. Jahongir Ibrohimov Sirdaryoda, Bektemir tumanida tajriba orttirgan.

Endi hokim xalq ichida yurishi kerak, kabinetda emas, mahallalarda yurib masalalarni hal qiladi. Soliq, bank xodimlari ham mahallalarga borib, o‘zlarining rejalarini bildirishadi. Tadbirkorlar bilan gaplashadi, ularga yordam berib, yangi ish o‘rinlari yaratishlariga ko‘maklashishadi. Ana shu ishlarni ko‘ngildagidek bajarganlari ishda qoladi, bo‘lmasa xayrlashamiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, Yunusobodda 362 ming aholi yashaydi. Tumanda umumiy qiymati 14,4 trillion so‘mlik 141ta yirik va o‘rta investitsiya loyihasi shakllantirilgan.

Loyihalar asosida 936 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirib, qariyb 8 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb etish maqsadida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan 1 milliard so‘m subsidiya ajratilib, tumandagi 260 nafar fuqaroning bandligi ta'minlanadi. Mehnat organlari yo‘llanmasi asosida 600 nafardan ziyod ishsiz kasb-hunarga o‘qitiladi.

  • 2018 yildan buyon Yunusobod tumani hokimi lavozimida ishlagan Rahmonbek Usmonov transport vaziri o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi. Uning o‘rniga Bektemir tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Jahongir Ibrohimov tayinlandi.
Ko‘proq yangiliklar: