Imtihon testlari qanday tayyorlanadi? DTMning yopiq binosidan reportaj

O‘zbekiston 19:56 / 16.01.2021 23516

DTM test savollari tuzilishidan, ularni chop etish, imtihonni tashkil qilish va natijalar e’lon qilingunga qadar davom etadigan uzoq va murakkab jarayon haqida ma’lumot berish maqsadida OAV vakillari uchun o‘ziga xos press-tur tashkil etdi.

Test kitoblari qanday tayyorlanadi?

Dastlab davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklar ro‘yxati shakllantiriladi. So‘ng mutaxassislar ishtirokida fan mazmuni tarkibi muhokama qilinadi va kengashda tasdiqlanadi. Turli fanlar bo‘yicha mutaxassislar test topshiriqlarini ishlab chiqadi va testlar aprobatsiyasi (sinovi) o‘tkaziladi. So‘ng natijalar tahlil qilinib, aynan shu tahlillarga asoslanib, imtihon savollari tuziladi. Ular bir necha bosqichli ekspertizadan o‘tkazilgach, savollar bazasi shakllantiriladi. 26 kishidan iborat ekspertlar guruhi savollarni tekshiradi.

DTM boshqarma boshlig‘i Umid Do‘stnazarovning aytishicha, test tuzish jarayonida ta’lim muassasalari o‘quvchilarni qanday standart va adabiyotlar asosida o‘qitayotgani aniqlashtiriladi va shulardan kelib chiqib, test tuziladi. Test kitoblari shakllantiriladigan binoda kompyuterlarning birortasi internetga ulanmagan. Kirib-chiqishda ham hech qanday telefon, axborotni olib chiqishga imkon beradigan qurilmaga ruxsat etilmagan.

«Testlar tarqalmasligi uchun shu nuqtagacha, ya’ni insonning vijdonigacha bo‘lgan jarayonni nazorat qilamiz. 198 ming test tuziladi va ularni xotirada saqlab qolish ham qiyin, albatta. Bu yog‘i ularning (test tuzuvchilarning) vijdoniga bog‘liq masala», deydi Umid Do‘stnazarov. Uning aytishicha, biror marta DTM xodimi savollarni binodan olib chiqishi holati kuzatilmagan. Savollarni tuzadigan mutaxassislar faqat DTMda ishlaydi.

Testlar tuzilgach, aprobatsiya bo‘ladi. Ya’ni, ular amalda sinab ko‘riladi. Biror savol juda qiyin yoki juda oson bo‘lsa, u qayta ishlanadi. Shuningdek, sinovlarda deyarli tanlanmagan variantlar almashtiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, abituriyentlar uchun testlarning qiyinlik darajasi tekshiriladi.

Test kitoblarini chiqaradigan texnikalar muhrlangan

Keyingi jarayonda test topshiriqlariga o‘zgartirishlar kiritiladi va nashrga tayyorlanadi. Jarayon bilan Test materiallarini chop etish va shakllantirish bo‘limi boshlig‘i Otamurod Madiyev tanishtirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, printerlar testni kitob holida chop etib, chiqarib beradi. 1 soatda 6 200 dona kitob chop etilishi mumkin. Texnikalar 1 sutkada 100 mingga yaqin test kitobini chiqara oladi. Bu yerdagi hamma printer muhrlangan va zarur xavfsizlik choralari ko‘rilgan.

Test kitoblari tayyor bo‘lgach, manzillar bo‘yicha qutilar tayyorlanib, ularga jo‘natish muhrlari bosiladi va ichiga qaytarish muhri ham solib yuboriladi. Testlar yakunlanib, qoplar qaytganidan keyin ular ichidan javoblar varaqasi olinadi. Skaner to‘xtamasdan o‘qishi uchun maxsus markerlarda belgi qo‘yiladi.

Test sinovlarining kompyuter tahlili va axborotlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Iskandarovning aytishicha, Yaponiya va Turkiya kabi rivojlangan davlatlarda ham xuddi shu skanerlardan foydalaniladi. Katta aniqlikda ishlaydigan uskuna test javoblarini tekshirishda adashmaydi. Testlar tekshirib olingach, natijalarni chiqarish jarayoni boshlanadi.

«Test javoblari natijalari chiqish jarayoni boshlanishi bilanoq ekranda yozib olinadi. 17 ta tugma bilan test natijasini chiqarish mumkin. Bu juda oddiy va oson usulda tashkillashtirilgan», deydi Test sinovlarining kompyuter tahlili va axborotlashtirish boshqarmasi boshlig‘i.

Savollar bazasi va kunlik test natijasini hisoblash tezligi oshib boryapti

So‘nggi 4 yilda OTMga kirish test sinovlari uchun shakllantirilgan test topshiriqlari miqdori sezilarli darajada o‘sgan. Masalan, 2017 yilda 37 mingdan ortiq test topshiriqlari tayyorlangan bo‘lsa, 2020 yilga kelib, 198 mingdan ziyod test savollari bazasi shakllantirilgan. Mos ravishda, test natijasini kunlik tekshirish miqdori ham ko‘paygan. 2019 yil 1 kunda 71 mingdan ziyod test javoblari tekshirilgan bo‘lsa, 2020 yil bu ko‘rsatkich 118 mingdan ziyodni tashkil qilgan.

DTM rahbari Majid Karimov press-tur davomida 2021 yilgi imtihonlar uchun rejalar haqida ma’lumot berdi

Unga ko‘ra, abituriyentlarga fanlar majmuasi mos bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlarini cheklanmagan miqdorda tanlash imkoniyatini yaratish, abituriyentlarning mantiqiy fikrlashi, masala va misollarni bajara olish qobiliyatini baholaydigan test topshiriqlarini ishlab chiqish maqsad qilingan. 

Shuningdek, chet tilini bilish bo‘yicha ko‘p darajali test tizimini amaliyotga joriy qilish va yil davomida test sinovlarini tashkil etish uchun respublikaning barcha hududlarida bino va inshootlar qurish ham 2021 yil rejaga kiritilgan.

Ko‘pchilik DTM faoliyati faqat OTMga kirish imtihonlarida test tuzishdan iborat deb o‘ylashi mumkin, lekin aslida markaz ko‘plab tashkilot va muassasa xodimlari uchun ham testlar o‘tkazadi. Masalan, o‘tgan yilda 28 turdagi test sinovlari o‘tkazgan bo‘lsa, bu yil 35 turdagi sinovlar o‘tkazishni rejalashtirilgan.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Ko‘proq yangiliklar: