Angliya va Italiyada chempionlik taqdiriga ta'sir qiluvchi to‘qnashuv, Ispaniyada Superkubok finali. Haftaning eng muhim 4 o‘yini anonsi

Sport 19:23 / 16.01.2021 15393

Angliya: Azaliy raqiblarning peshqadamlik uchun jangi

 Angliya chempionati. 19-tur
17 yanvar (yakshanba)
LIVeRPUL - MYu
O‘yin boshlanish vaqti: 21:30
TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV

Yakshanba kuni Angliya Premer-ligasida nafaqat turning, balki mavsumning eng muhim o‘yinlaridan biri o‘tkaziladi. «Liverpul» «Enfild Road»da azaliy va eng ashaddiy raqibi «Manchester Yunayted»ni qabul qiladi. Muxlislarni ikki qutbga bo‘luvchi bu bahs yana avvalgi mavqeyini tiklamoqda. Hozirga kelib «Liverpul» va «Manchester Yunayted» Angliya Premer-ligasida chempionlik uchun asosiy da'vogarlarga aylanib olishdi.

Chempionlik taqdiriga ta'sir qiluvchi ushbu to‘qnashuv oldidan Klopp va Sulsher jamoasi turli holatda. «Liverpul» ketma-ket so‘nggi uch o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda. Mersisaydliklar oxirgi uch turda «Vest Bromvich» (1:1), «Nyukasl» (0:0) bilan durang, «Sauthempton»dan mag‘lubiyatga (0:1) uchradi. Ole-Gunnar Sulsher jamoasi esa so‘nggi uch turda «Vulverhempton» (1:0), «Aston Villa» (2:1) va «Byornli» (1:0) ustidan zafar quchib, Premer-liga turnir jadvalida «Liverpul»ni 36 ochko bilan ortda qoldirgan holda peshqadamga aylanib oldi. «Enfild»da esa «Yunayted» 1221 kun deganda chiqqan cho‘qqisidan tushmaslik uchun ham mag‘lub bo‘lmasligi talab etiladi.

O‘yin oldidan «Liverpul» sobiq sardori Karrager peshqadamga qarshi o‘yindagi g‘alaba Klopp jamoasining o‘ziga bo‘lgan avvalgi ishonchini qaytarish uchun yaxshi imkoniyat ekanligiga urg‘u bergan bo‘lsa, «MYu» sobiq futbolchisi Pol Skoulz «Liverpul»ni mag‘lub etish uchun hozirgidek imkoniyat boshqa bo‘lmasligini aytib o‘tdi. Skoulzning fikricha, o‘yin tomoshabinlarsiz o‘tishi va «Liverpul» himoyasidagi yo‘qotishlar «MYu» foydasiga ishlaydi.

 «MYu» safarda yaxshi o‘yin namoyish etayotganiga qaramay, top-klublarni mag‘lub eta olmayapti. «Enfild»dagi g‘alaba ikki jamoadan birini APL chempionligi uchun katta qadam tashlashini ta'minlaydi.  

 Italiya. Ronaldu – Lukaku, Shomurodov – Miranchuk to‘qnashuvi

 Italiya chempionati. 18-tur
17 yanvar (yakshanba)
ATALANTA – JYeNOA
O‘yin boshlanish vaqti: 22:00
TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV

Eldor Shomurodov to‘p surayotgan «Jyenoa» bu turda Bergamoda «Atalanta» mehmoni bo‘ladi. Rossiya OAVlarida ushbu bahs Rossiya Premer-ligasidan Italiya A Seriyasiga yo‘l olgan Miranchuk va Shomurodov o‘rtasidagi to‘qnashuv afishasi bilan atalmoqda. Miranchuk «Atalanta» asosiy tarkibiga o‘rnasha olmayotgan bo‘lsa, Shomurodov A Seriya doirasidagi so‘nggi uch o‘yinda genuyaliklarning eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etildi. «Xavfli zona»dan qochishga urinayotgan Genuya klubi uchun bu turda ochko olish juda ham muhim. Aks holda klub yana autsayderlar qatoriga tushib qolishi hech gap emas. «Atalanta» esa bu turdagi g‘alabasi evaziga peshqadamlarga yaqinlashib olish bilan birga «Yuventus»dan o‘zib ketishi mumkin. 

Italiya chempionati. 18-tur
17 yanvar (yakshanba)
INTeR – YuVeNTUS
O‘yin boshlanish vaqti: 00:45
TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV

«Atalanta»ni oldinga o‘tkazib yubormaslik uchun esa «Yuventus» Italiyadagi «katta derbi» deya nom olgan bahsda «Inter»ga mag‘lub bo‘lmasligi kerak. Bir o‘yin zaxirasiga ega turinliklar 33 ochko bilan 4-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, Antonio Konte jamoasi 37 ochko bilan 2-o‘rinda borishmoqda. Bir hafta avval «San Siro»da peshqadam «Milan»ni ilk mag‘lubiyatini qarshi olishga majbur qilgan Pirlo boshchiligidagi amaldagi chempionlar bu safar ham Milanga faqat g‘alaba umidida borishlari aniq. Ammo Turin klubidan skudettoni tortib olishni maqsad qilgan «Inter» ham amaldagi chempionni mag‘lub eta olmasa, A Seriyadagi g‘oliblik haqida orzu qilmasa ham bo‘ladi. Odatda, gigantlar to‘qnashuvida yetakchilar katta sahnaga chiqishlari talab etiladi. Ajoyib sport formasi evaziga to‘purarlar poygasida kurash olib borayotgan Ronaldu va Lukaku jamoasining g‘alabasi uchun muhim figuraga aylanishini taxmin qilish mumkin. Har holda odatda chempionlik taqdiri mana shunday 6 ochkolik o‘yinlarda hal bo‘ladi.

 Ispaniya. Kuman «Barselona»si ilk sovringa ega chiqadimi?

 Ispaniya Superkubogi. Final
17 yanvar (yakshanba)
BARSeLONA – ATLeTIK  
O‘yin boshlanish vaqti: 01:00
TV-translatsiya: Match TV

Ispan futboli ishqibozlari yakshanba oqshomida Sevilyadagi Ispaniya Superkubogi finalini tomosha qilishlari mumkin. Ko‘pchilik, finalda «El-Klasiko» kutgan bo‘lishi tabiiy, ammo «Real» finalga chiqa olmadi. «Barselona» yarimfinalda «Real Sosedad» ustidan qiyin g‘alabaga erishgan bo‘lsa, «Atletik» klubi Zidan shogirdlarini turnirdan chiqarib yubordi. Bilbaoliklar yarimfinalda Madrid klubini mag‘lub etganini inobatga olsak, finalda «Barsa»ga oson bo‘lmasligi aniq. Ronald Kuman jamoasi uchun ham bu safargi o‘yinning qadri La Liganing oddiy o‘yini darajasidan ancha yuqoriroq bo‘ladi. Hozirgi vaziyatda niderlandiyalik murabbiy uchun Kataloniyadagi ilk sovrin katta ahamiyatga ega. Ko‘ramiz, «Barsa» yangi murabbiy qo‘l ostidagi ilk sovringa ega chiqadimi yoki «Atletik» «Real»ning mag‘lub etilishi tasodif emasligini isbotlarmikan?

Ko‘proq yangiliklar: