Markaziy bank 2020 yilda qancha dollar sotilganini ochiqladi

Iqtisodiyot 20:50 / 14.01.2021 10823

Ichki valuta bozoridagi operatsiyalarning umumiy hajmi 19,5 milliard AQSh dollarini tashkil etib, 2018 va 2019 yillarga nisbatan mos ravishda 1,7 va 1,3 barobarga o‘sdi, deb xabar bermoqda Markaziy bank axborot xizmati.

Ichki valuta bozori segmentlarida chet el valutasiga bo‘lgan talabning o‘zgarish dinamikasi

Ta'kidlanishicha, 2020 yilda yuridik shaxslar tomonidan chet el valutasiga bo‘lgan talab 2019 yilga (13,7 milliard AQSh dollari) nisbatan 12 foizga o‘sib, 15,4 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

Valuta bozorida chet el valutasining asosiy qismi (60 foizi) ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 21 foizi – xalq iste'moli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi, 15 foizi – xorijiy kreditlarni so‘ndirish, 1 foizi – xorijiy investorlar daromadlari repatriatsiyasi va qolgan 3 foizi – boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.

Markaziy bank axborotiga ko‘ra, 2020 yilda ichki valuta bozorida chet el valutasini xarid qilgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar soni 16 foizga ko‘payib, dekabr oyida 8,9 mingtani tashkil etdi (2019 yilning dekabr oyi – 7,6 ming).

Jismoniy shaxslar tomonidan valuta ayirboshlash shoxobchalari orqali 2020 yilda sotilgan chet el valutasi miqdori esa 4,6 milliard AQSh dollarini (2019 yil  3,8 mlrd AQSh doll., o‘sish 21 foiz), sotib olish hajmlari 4,1 milliard AQSh dollarini (2019 yil 1,8 mlrd AQSh doll., o‘sish 2,3 barobar) tashkil etdi.

Xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valuta mablag‘lari hajmi 6 milliard AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkich doirasida shakllandi.

Markaziy bank vakilining ma'lumotiga ko‘ra, pandemiya tufayli davlatlar chegarasini bosib o‘tishdagi qiyinchilik sabab ko‘plab pul oqimlari rasmiy sektorda aks etgan. Shu tufayli 2020 yilda xalqaro pul o‘tkazmalar hajmi 2019 yildagi raqamlardan katta farq qilmadi.

Bosh regulyator uchun 2021 yilda ham valuta siyosatini erkinlashtirish jarayonini davom ettirish muhim hisoblanadi. Shu yili valuta kreditlari ulushini hozirgi 50 foizdan 45 foizga, ya'ni kamida 2 milliard dollarga pasaytirish lozimligi ta'kidlandi.

Ko‘proq yangiliklar: