Jahon | 22:58 / 14.01.2021
6950
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyada mafiya ustidan sud jarayoni uchun maxsus bunker qurildi

Italiyada mafiya ustidan yirik sud jarayoni uchun maxsus bunker qurildi. Maxsus majmuada pandemiya sharoitida ijtimoiy masofalashuvga rioya qilgan holda mingga yaqin odam joylashtirilishi mumkin. 

Foto: AFP

Italiyaning Kalabriya viloyatida “Ndrangeta” mafioz guruhi va uning sheriklari ustidan eng yirik sud jarayonlaridan biri boshlandi. Sudlanuvchilar orasida umumiy hisobda 300dan ko‘proq kishi bor. Ularga jinoiy sindikatda a'zolik, qotilliklar, qurolga noqonuniy egalik qilish, giyohvand moddalar savdosi va yulg‘ichlik ayblovlari qo‘yilmoqda. 

Sudlanuvchilar orasida sobiq siyosatchilar, amaldorlar, tadbirkorlar va politsiyachilar bor. 900ga yaqin kishi, jumladan mafioz guruhining sobiq a'zolari guvohlik berishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan sud jarayoni o‘tayotgan Lametsiya-Terme shahrida maxsus majmua qurilgan. U yerda mingga yaqin odam joylashtirilishi mumkin. Bir qator ko‘rsatmalarni videoanjuman shaklida eshitish rejalashtirilgan.

“Ndrangeta” Italiyadagi katta ta'sirga ega mafioz guruhlaridan biri hisoblanadi. U qurol, odam va giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanadi va ko‘p milliard dollarlik oborotga ega. 2016 yilda ham uning a'zolari Italiya shimolida 2012 yilda yuz bergan vayronkor zilzilalardan keyin qurilish biznesi va ko‘chmas mulk operatsiyalaridagi firibgarliklarda ayblangan.

Mavzuga oid