Toshkentda veloshering xizmati yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston 16:23 / 13.01.2021 5919

Vazirlar Mahkamasining “Avtotransport vositalarini yollash va ijaraga berish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, elektromobillar va mototransportlardan foydalanish, shuningdek, velosipedda mamlakat bo‘ylab harakatlanishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Toshkent shahrida velosiped uchun alohida yo‘laklar hamda veloshering (ijaraga berish) xizmatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Qarorda velosipedchilar uchun xavfsiz muhit yaratish, velosiped yo‘nalishlari milliy tarmog‘ini rivojlantirish va bu borada Fransiya tajribasini tatbiq etish maqsad qilingan.

Belgilanishicha:

  • velosipedda va boshqa shaxsiy vositalarda harakatlanish imkonini beruvchi to‘siqsiz va xavfsiz muhitni, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari orqali yaratish;
  • turistik shaharlar, dam olish zonalari, qo‘riqxonalar va mamlakatning boshqa madaniy meros obektlarini bog‘lovchi velosipedlar magistrallari milliy tarmog‘ini bosqichma-bosqich barpo etish;
  • shaharlar va hududlarni velosipedlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash, ularni har yili monitoring qilish uchun mezonlar (indikatorlar) joriy etish (bir yilda velosipedlar ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisalari soni, aholining muayyan soniga nisbatan velosipedchilar soni, toifalar bo‘yicha velosiped yo‘laklari, velochorrahalar, velosiped qo‘yish joylari va ulardagi to‘xtab turish joylari);
  • velosipedda harakatlanish, velosiped transporti va shaxsiy harakatlanish vositalarining inson salomatligini mustahkamlovchi transport turi, shuningdek, ekologik toza harakatlanish vositasi sifatida ommalashtirish va targ‘ib qilish;
  • velosipedda harakatlanishni, shu jumladan velosipedlar va ularning butlovchi buyumlarini xarid qilishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
  • aholida velosipedchilik madaniyatini shakllantirish maqsad qilingan.

Mazkur xizmatlarning sifatli hamda aholiga maksimal darajada foydali bo‘lishini ta'minlash uchun, aholi va foydalanuvchilarning taklif hamda talablarini inobatga olish yuzasidan fikr va mulohazalarni toshkent@mintrans.uz elektron manziliga yuborish so‘ralgan.

Ko‘proq yangiliklar: