Sardor Umurzoqov: O‘zbekistondagi eng katta muammo – amaldorlar o‘zini tadbirkordan aqlliroq bilishi

O‘zbekiston 16:00 / 13.01.2021 17121

12 yanvar kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida vazir Sardor Umurzoqov va uning o‘rinbosarlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda bosh vazir o‘rinbosari mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari faoliyatini tanqid qilgan.

«Tadbirkorlar o‘z manfaatini, qanday ishlash, qayerdan mahsulot olib, qayerga sotish kerakligini bizdan, ya'ni davlat amaldorlaridan yaxshi biladi. Afsuski, O‘zbekistondagi eng katta muammo juda ko‘p holatlarda amaldorlar o‘zini tadbirkordan aqlliroq bilishadi, tadbirkorga nima manfaatli ekanini, xuddiki, undan yaxshi biladigandek harakat qilishadi. Bu holat 26 yildan beri bor va hozirda buni asta-sekin kamaytirishga harakat qilyapmiz. Biz tizimli masalalarga yechim topganimizda bu muammo o‘zidan o‘zi yechiladi», – dedi vazir.

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher A'zamxo‘jayev ikki yil avval Kun.uz’ga bergan intervyusida ham chet ellik sarmoyadorlarni O‘zbekistonga investitsiya kiritishdan to‘sayotgan muammolardan biri sifatida qonun ustuvorligining yo‘qligi, joylarda har bir ish mahalliy hokimlik rahbarlariga bog‘liq bo‘lib qolganligini ta'kidlagandi.

Bundan tashqari, o‘tgan yili 28 noyabrda tashkil etilgan yig‘ilishda Sardor Umurzoqov eksportchi korxonalarga gaz va elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berishni ta'minlashga qaratilgan tezkor chora-tadbirlar ko‘rish haqida gapirgandi. Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat samaradorligiga tijorat banklari tomonidan eksportchilarga moliyaviy yordam ko‘rsatishda yetarli darajada faol emasligi ham ko‘rsatilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: