MFRBB: Xorijga chiqish pasporti uchun to‘lovni kamaytirish taklifi beriladi

O‘zbekiston 17:52 / 13.01.2021 16414

Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi rasmiylari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda xorijga chiqish pasportlarini rasmiylashtirish uchun to‘lov BHMning 120 foizi, ya'ni 267 ming so‘m ekani, bu ko‘plab fuqarolar uchun qimmatlik qilishi, to‘lovni kamaytirish imkoni bor-yo‘qligi to‘g‘risida savol berildi.

IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshodbek Murodbekovning ma'lum qilishicha, boshqarma narxni pasaytirish uchun taklif kiritadi.

«Aytish joizki, narxlarni Ichki ishlar vazirligi belgilamaydi. Bu – tegishli vazirlik, idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladi, ishlab chiqarilayotgan hujjatlarning tannarxi, unga ketadigan mahsulotlarning hammasi hisob-kitob qilinadi. Shulardan kelib chiqqan holda narx belgilangan.

Biz bu masala bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda takliflar kiritamiz. Agarda ushbu takliflar inobatga olinib, narx kamaytirilsa, bu nur ustiga a'lo nur bo‘ladi», – dedi Murodbekov 12 yanvar kungi matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston fuqarolari 2019 yilga qadar xorijga chiqish uchun pasportiga «OVIR» stikeri olishi zarur edi. 2 yil muddatga berib kelingan stiker 2 yil oldin bekor qilinib, to‘q qizil rangdagi xorijga chiqish biometrik pasporti joriy etildi.

2020 yil 1 yanvardan boshlab, oxirgi berilgan stikerlar muddati ham tugadi va endilikda o‘zbekistonliklar faqat xorijga chiqish pasporti bilangina mamlakatni tark etishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: