Markaziy bankda Kiberxavfsizlik markazi tashkil etiladi. Uning asosiy vazifalari ma'lum qilindi

O‘zbekiston 15:10 / 13.01.2021 1986

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bekzod Hamroyev 11 yanvar kuni AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida moliyaviy firibgarliklarga qarshi ta'sir choralarini ko‘rish maqsadida Markaziy bank tarkibida Kiberxavfsizlik markazi tashkil etilishini ma'lum qilgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Bank tizimida axborot tizimlarini kiberhujumlardan himoya qilish maqsadida Markaziy bank qoshida moliya sohasidagi Kiberxavfsizlik markazi tashkil qilinadi», – degan u.

Markaziy bank axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, markazning asosiy vazifasi – bank va moliya-kredit sohasida axborot va kiberxavfsizlik tahdidlarining oldini olish hamda moliyaviy firibgarliklarga qarshi ta'sir choralarini ko‘rish.

Ta'kidlanishicha, ushbu markaz bank tizimida axborot va kiberxavfsizlik hamda moliyaviy firibgarlik bilan bog‘liq noxush hodisalarning oldini olish, ularga qarshi ta'sir choralarini ko‘rish, yuzaga kelgan oqibatlarni bartaraf etishni nazorat qilish, bank axborot tizimlarini kiberhujumlardan himoya qilinganlik holatini va ularning uzluksiz ishlashini monitoring qilish kabi ishlarni amalga oshiradi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 2019 yili Moskvada o‘tgan «Ochiq innovatsiyalar» xalqaro forumida O‘zbekistonda ham boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi kiberhujumlar soni ortib borayotgani haqida ma'lumot bergandi. 

O‘zbekiston Kiberxavfsizlik markazi ma'lumotiga ko‘ra, 2020 yil karantin sharoitida internet xizmatlar va onlayn rejimda ishlash ommalashib bordi, bu esa internet imkoniyatlaridan foydalangan holda sodir etilgan firibgarliklar soni oshishiga sabab bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: