Lisenziya shartnomasini tuzish instituti bekor qilinadi

Jamiyat 19:40 / 13.01.2021 1932

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.

Mazkur loyihada litsenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni keskin qisqartirish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasiga ko‘ra, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tish faqatgina elektron tarzda ixtisoslashtirilgan maxsus elektron tizim — «Lisenziya» axborot tizimi, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Qonun loyihasida litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar elektron shaklda berilishi munosabati bilan ularning dublikatini berish, shuningdek, litsenziya shartnomasini tuzish institutini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, talabgorlarning litsenziya hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to‘g‘risidagi murojaatini ko‘rib chiqishning soddalashtirilgan tartibi nazarda tutilyapti. Xususan, qonun loyihasida belgilanayotgan muddat mobaynida vakolatli organ tegishli qaror qabul qilmaganda, talabgor belgilangan davlat boji yoki yig‘im to‘lovini amalga oshirgandan keyin maxsus elektron tizim unga litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishi shart va bunda talabgor faoliyat bilan litsenziyasiz va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Bundan tashqari, qonun loyihasida litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga oid huquqbuzarlik uchun yuridik shaxslarlarga nicbatan jarima qo‘llash institutini joriy etish ham nazarda tutilgan. Bunda yuridik shaxs jarimani bir oy davomida ixtiyoriy to‘lagan, shuningdek, amalga oshirish uchun talab etiladigan litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to‘g‘risida murojaat qilgan hamda xabarnoma yuborganda, tayinlangan jarima miqdorining 70 foizi undirilishiga oid rag‘batlantiruvchi norma belgilanmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: