Kongress Trampga ikkinchi marta impichment e'lon qilishga tayyorlanmoqda - bu urinish qanday natija beradi?

Jahon 22:50 / 13.01.2021 14039

Demokratlar Vakillar palatasida ustunlikka ega, undan tashqari bir qancha respublikachi kongressmenlar ham rezolyutsiyani qo‘llashi aytilgan, shunday ekan 20 yanvar kuni lavozimini tark etadigan Tramp AQSh tarixida ikki marta impichment e'lon qilingan prezidentga aylanishi ehtimoli yuqori.

Impichment o‘zida jinoiy ishlardagi ayblov xulosasi muqobilini ifodalaydi. Rezolyutsiya tasdiqlangach u Senat muhokamasiga kiritiladi va senatorlar prezidentni sud qilishadi. Yuqori palatada ayblov tasdiqlanishi uchun kamida 67 nafar senatorning ovozi talab etiladi - bu planka tarixda zabt etilmagan, xususan, 2020 yil yanvarida Trampga birinchi marta impichment e'lon qilinganida ham.

Shuningdek, Senat Trampning vakolati muddati tugashidan oldin ovoz berish jarayonini o‘tkazishga ulgurishi ehtimoli kam, ammo senatorlar impichmentni ko‘rib chiqishni 20 yanvardan keyin ham davom ettirishlari mumkin. Bundan tashqari, Senat Trampga boshqa davlat lavozimlarini egallashni ham taqiqlashi mumkin (u esa 2024 yilgi saylovlarda qatnashish niyatida), ko‘plab huquqshunoslarning fikricha, buning uchun senatorlarning ko‘pchilik qismi (uchdan ikki qismi bo‘lishi shart emas) ovoz berishi yetarli bo‘ladi.

6 yanvar kuni Trampning tarafdorlari Kongressda Jo Baydenning g‘alabasi tasdiqlanishi uchun muhokama jarayoni ketayotgan vaqtda binoga bostirib kirishdi va jarayon bir necha soatga to‘xtab qoldi. Namoyishchilar Kapitoliydagi ko‘p joylarni vayron qilishdi, xususan, ikki palataning majlislari o‘tkaziladigan zallarni ham. Tartibsizliklar vaqtida besh kishi halok bo‘ldi, jumladan bir politsiyachi ham.

Bundan ikki soat oldin Tramp ko‘p minglik tarafdorlari ishtirokidagi mitingda ishtirok etib, ularni Kapitoliyga borib, Baydenning g‘alabasini tan olishdan bosh tortishni rejalashtirgan respublikachi kongressmenlarni qo‘llashga chaqirgandi.

Demokratlar va hatto ko‘plab respublikachilar Trampni Kapitoliy qamal qilinishiga sababchi bo‘lishda ayblashdi, bunga olomon binoga bostirib kirgan vaqtda ham Milliy gvardiyani jalb qilishga qarshilik mazmunidagi tvitlar yozishda davom etgani, o‘z tarafdorlarini ortga qaytarish uchun murojaat qilishga shoshilmagani sabab qilib keltirildi. Dushanba kuni Trampning o‘zi o‘sha kuni bu mazmundagi gaplarni aytmaganini aytib chiqdi.

FQB ma'lumotiga ko‘ra, 70 kishiga Kapitoliyga hujum uyushtirish bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan, yana 170 kishining shaxsi aniqlanib, ularni qidirish ishlari olib borilmoqda.

Misli ko‘rilmagan ikkinchi impichment

Ayni damda Milliy gvardiya zobitlari Kapitoliy binosiga olib kelingan. Ular ehtimoliy tartibsizliklarning oldini olish uchun binoda qo‘riqchilik qilishmoqda.

Demokratlar 2019 yil dekabrida birinchi marta Trampning impichmenti tashabbusi bilan chiqishgandi, o‘shanda prezident hokimiyatni suiiste'mol qilish (saylovlardagi raqibi Jo Baydenga qarshi kompromat olish uchun Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga bosim o‘tkazish) va Kongress faoliyatiga to‘sqinlik qilishda ayblangandi. 2020 yil fevralida to‘liq nazorat respublikachilarda bo‘lgan Senat Trampni oqlagandi.

Bu safar asosiy intriga Senatda qanday natija bo‘lishidir. Demokratlar tez orada Senatda ovozlar soni bo‘yicha respublikachilar bilan tenglashadi, ammo Tramp qoralanishi uchun ular tomoniga 17 nafar respublikachi senator ham o‘tishi kerak bo‘ladi. Hozirda respublikachilar orasida Trampdan yuz o‘girishga tayyor bo‘lgan shuncha senator borligi aniq emas.

Shu bilan birga, New York Times va Fox News nashrlari manbalariga ko‘ra, Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonell ham demokratlarning tashabbusini ma'qullamoqda, u buni Respublikachilar partiyasi Trampdan qutulishining bir yo‘li sifatida ko‘rayotgani aytilgan. Makkonnellning o‘zi shu vaqtgacha impichment bo‘yicha ochiq gapirmagan va u o‘z nufuzidan foydalanib, partiyadoshlarini prezidentga qarshi ovoz berishga undashi aniq emas.

CBS News buyurtmasi bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalari ko‘rsatishicha, amerikaliklarning 55 foizi Trampning impichment qilinishini ma'qullaydi, so‘ralganlarning 45  foizi bunga qarshiligini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: