Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun imzolandi. Kodeksda nimalar o‘zgarmoqda?

O‘zbekiston 12:23 / 13.01.2021 22000

O‘zgartirish va qo‘shimchalarning asosiy qismi sud tizimining qayta ixtisoslashuvi, sud qarorlarini qayta ko‘rish institutining takomillashtirilishi bilan bog‘liq.

Jumladan, “Jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan kodeksga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar asosan qator jihatlarda namoyon bo‘lmoqda.

Viloyat darajasidagi sudlar tizimida tashkiliy o‘zgarishlar bo‘ldi. Ya'ni, viloyatlardagi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar yagona umumyurisdiksiya sudlariga birlashdi.

“Yagona sud – yagona instansiya” tamoyilidan kelib chiqib, ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti tugatildi.

Apellyatsiya tartibidagi shikoyat (protest)larni berish muddati 10 kundan 20 kunga uzaytirildi.

Birinchi instansiya sudining apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek apellyatsiya instansiyasi sudining hukmlari, ajrimlari kassatsiya tartibida qayta ko‘rilishi mumkinligi belgilandi. Ya'ni, endilikda ish kassatsiya tartibida ko‘rilishidan oldin apellyatsiya tartibida ko‘rilgan bo‘lishi lozim etib belgilandi. Buning natijasida sud hukmi ustidan dastlabki shikoyat (protest) berish muddati 1 yildan 20 kunga qisqardi.

Ish tomonlarning arizasiga asosan Oliy sud raisi, bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlari protestiga ko‘ra takroran kassatsiya tartibida (5 nafar sudyadan iborat tarkibda) qayta ko‘rilishi mumkin bo‘ldi.

Jinoyat ishida prokurorning ayblovdan voz kechishi sud tomonidan jinoyat ishini reabilitatsiya asoslariga ko‘ra tugatishga sabab bo‘ladigan tartib joriy etildi. Shuningdek, prokuror tomonidan qonuniy kuchga kirgan sud hukmi yoki ajrimini suddan talab qilib olish va o‘rganishga faqat tomonlarning murojaati yoki ish bo‘yicha OAVda chiqqan xabarga asosan yo‘l qo‘yiladi.

Jinoyat ishida yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ish yuritishni tiklash instituti takomillashtirildi. Jumladan, yangi ochilgan holatlarning turlari aniq belgilab berildi. Bundan tashqari, tomonlar tengligi prinsipini ta'minlash uchun yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ish yuritishni tiklash bo‘yicha murojaat qilish huquqi tomonlarga ham taqdim etildi. Ilgari ushbu huquq faqat prokurorda mavjud edi.

Ma'lumot uchun, yangi ochilgan holatlar sudning hukmi yoki ajrimi qonuniy kuchga kirgan paytda mavjud bo‘lgan, biroq sudga ma'lum bo‘lmagan holatlardir.

Ko‘proq yangiliklar: