Isroil bosh vaziri Tramp bilan tushgan suratini Twitter’dan o‘chirib tashladi

Jahon 00:02 / 13.01.2021 6556

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Twitter’dagi sahifasidan AQSh prezidenti Donald Tramp bilan birga tushgan suratini o‘chirib tashladi. Google keshidagi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu surat bir necha oy davomida Netanyaxu akkauntining muqovasi sifatida xizmat qilgan.   

Isroil bosh vaziri o‘chirib tashlagan surat 2020 yil 15 sentyabrda Isroil va BAA o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash haqidagi kelishuvning imzolanishi vaqtida Oq uy oldidagi maysazorda olingan. O‘shanda AQSh vositachiligida erishilgan kelishuvni imzolashda Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdulatif bin Rashid Al-Zayoniy, BAA tashqi ishlar vaziri Abdulloh bin Zoid Ol Nahayon, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va AQSh prezidenti Donald Tramp ishtirok etgan. Suratda Netanyaxu va Tramp bir stol atrofida yonma-yon o‘tirgan holda tasvirlangan. Bungacha Netanyaxu Twitter’dagi sahifasi uchun Tramp bilan tushgan boshqa suratidan foydalanib kelgan. Bu surat 2019 yil 25 martdagi uchrashuvda olingan. Unda Isroil va AQSh yetakchilari bir-birining qo‘lini siqib turgan holda tasvirlangan.

12 yanvarda Netanyaxu Tramp bilan tushgan suratini koronavirusga qarshi emlanganda tushgan surati bilan almashtirgan. Bu holat Tramp bilan “qalin do‘st bo‘lgan” Netanyaxu AQShdagi oxirgi voqealardan keyin u bilan hech qanday umumiylikka ega bo‘lishni istamayotganini anglatishi mumkin.

Twitter 6 yanvarda Tramp tarafdorlari Vashingtondagi Kapitoliy binosiga bostirib kirishgandan keyin AQSh prezidentining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini bloklab qo‘ygandi. Trampning o‘zi kongress binosining bosib olinishini qoralagan va hokimiyatni saylangan prezident Jo Baydenga topshirishga va'da bergan.  

Twitter’dan keyin Trampning boshqa internet maydonchalardagi, jumladan Facebook, Instagram, Twitch, Snapchat, YouTube’dagi sahifalari bloklab qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: