O‘zbekistonda «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida» qonun qabul qilinmoqda

Iqtisodiyot 22:41 / 13.01.2021 3112

Qonun loyihasiga ko‘ra, o‘z resurslarini ijtimoiy sohaga yo‘naltirgan korxonalarni aniqlash, ijtimoiy sohaga investitsiya jalb qilganlik uchun beriladigan imtiyoz va preferensiyalarni hisobga olish, ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi shakllari qabul qilinmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, qonun loyihasida «ijtimoiy tadbirkorlik», «ijtimoiy korxona», «ijtimoiy korxonalarning reyestri», «aholining ehtiyojmand toifalari», «ijtimoiy loyiha», «ijtimoiy tovar», «ijtimoiy xizmatlar», «ijtimoiy sohadagi faoliyat» va «favqulodda holatlar» tushunchalari belgilanmoqda.

Loyihada ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslar sanab o‘tilgan:

  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar;
  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda ular toifasiga kiradigan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar;
  • ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan kasalliklar va atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan kasalliklarga (sil, onkologik, OITS, moxov va kasb kaslligi) chalingan shaxslar;
  • qaramog‘ida 16 yoshga to‘lmagan yoki nogironligi bo‘lgan bolalari bo‘lgan yolg‘iz shaxslar;
  • o‘qishni tugatgandan keyin 3 yil o‘tmagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta'lim tashkilotlari bitiruvchilari;
  • «Mehribonlik» uylarining 30 yoshga yetmagan bitiruvchilari;
  • jazoni o‘tash muassasalaridan ozod qilingan shaxslar;
  • o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;
  • muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslar.

Taklif etilayotgan mezonlardan biriga yoki bir nechtasiga mos kelganda, tadbirkorlik sub'yektlari yoki notijorat tashkilotlar ijtimoiy korxonalarning reyestriga ijtimoiy korxona sifatida kiritiladi.

Bunda, tegishli mezonlarga mos kelish bilan birga, ijtimoiy korxonalarning reyestriga kiritilgan ijtimoiy korxona, o‘tgan moliya yilida olingan foydaning kamida uchdan ikki qismini keyingi moliya yili davomida ijtimoiy korxonaning faoliyatiga yoki ijtimoiy loyihalarga reinvestitsiyaga yo‘naltirishi talab etiladi.

Tadbirkorlik sub'yektlari bilan bir qatorda notijorat tashkilotlarni ham ijtimoiy korxonalarning reyestriga kiritish taklif etilmoqda. Bunda tadbirkorlik sub'yektlari yoki notijorat tashkilotlarning tegishli mezonlarga mos kelishi ularning yillik moliyaviy hisobotlari asosida aniqlanadi.

Ijtimoiy tadbirkorlik sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida esa Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘alikni qisqartirish vazirligi belgilanadi.

Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Ko‘proq yangiliklar: