«U jim o‘tirishiga to‘g‘ri keladi»: Jyek Maning do‘stlari uning qochib ketgani to‘g‘risidagi taxminlarni rad etishdi

Jahon 20:42 / 12.01.2021 5735

Alibaba asoschisi Jyek Ma Xitoyda, u qochib ketgani yoki yo‘qolib qolgani yo‘q, dedi milliarderning do‘stlari va hamkasblari Financial Times bilan suhbatda.

Gazetaning yozishicha, ular Ma qonun bilan muammolarga duch kelgani sababli ommaga ko‘rinmayotgani to‘g‘risidagi taxminlarni «qat'iyan rad etishmoqda».

Jyek Maning do‘stlaridan biri biznesmen koronavirus pandemiyasi bois Xitoyni tark etmayotganligini ta'kidlagan. Milliarder bilan tez-tez muloqot qilib turadigan yana bir do‘sti esa Maning ishlari joyidaligi va unga hech qanday xavf tahdid solmayotganini aytdi. 

«U qo‘ng‘iroq va xabarlarga darhol javob qaytaryapti va kayfiyati yaxshiga o‘xshaydi. Nazorat organlari bilan muzokaralar davom etmoqda va muzokaralar yakunlanmagunicha jim o‘tirishiga to‘g‘ri keladi», — dedi Financial Times suhbatdoshi.

 Jyek Ma ikki oydan ortiq vaqtdan buyon ommaga ko‘rinish bermayapti. Uni oxirgi marta 24 oktyabrda ko‘rishgan — Ma o‘sha kuni Shanghaydagi konferensiyada xalqaro moliyaviy regulyatorlar qoidalari eskirganini aytgan va Xitoy banklarini tanqid qilib, ular «lombardcha mentalitet»ga egaligini bildirgandi. Bu unga qimmatga tushdi. 5 noyabr kuni nazorat paketi Maga tegishli bo‘lgan Ant Group Shanghay va Hongkong birjalarida IPO’ni amalga oshirishi kerak edi.  

 Biroq birjaga chiqishdan ikki kun oldin Xitoy moliyaviy regulyatorlari Ma va Ant Group rahbarlarini suhbatga chaqirgan. Reuters manbasining so‘zlariga ko‘ra, ular bizneslarini to‘liq tekshiruv kutayotgani to‘g‘risida ogohlantirilgan. Ant Group IPO’si qoldirildi. Dekabrda Xitoy regulyatorlari Ant Group’ni shaffof raqobat prinsiplarini va iste'molchilar huquqlarini buzishda aybladi. 24 dekabrda esa Alibaba ustidan tekshiruv boshlangani ma'lum qilindi.

 6 yanvar kuni CNBC Jyek Ma o‘zi tug‘ilib-o‘sgan, Alibaba bosh qarorgohi joylashgan Hanchjou shahrida ekanligi to‘g‘risida xabar berdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Alipay to‘lov servisidan 700 mln kishi – Xitoy aholisining yarmi va 80 mln sotuvchi foydalanadi. O‘tgan moliya yilida servis orqali 18,2 trln dollarlik operatsiyalar bajarilgan.

Ko‘proq yangiliklar: