O‘zbekistonda farzandlikka olishi mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxati o‘zgartiriladi

O‘zbekiston 12:32 / 12.01.2021 11360

Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 21 noyabrdagi 739-son qaroriga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga yetmaganni farzandlikka olishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mazkur norma ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan hamda farzandlikka olishga to‘sqinlik qilmaydigan jinoyat turlari (iqtisodiyot, ekologiya sohasidagi jinoyatlar va h.k.) uchun ham tatbiq qilinadi.

“Amaldagi tartib muqaddam qasddan jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan noqonuniy yo‘llar bilan farzand asrab olinishga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.

Farzandli bo‘lish har bir insonning huquqidir. Tahlillar respublikada farzandlikka olish istagini bildirgan shaxslar 4 mingdan ortiq ekanligini ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda farzandlikka olish istagida navbatda turganlarning soni farzandlikka berilayotganlarga (har yili o‘rtacha 200 nafar bola) nisbatan ancha yuqoriligicha qolmoqda”, - deyiladi hujjatda.

Qaror loyihasi bilan muqaddam qasddan jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan farzandlikka olishni taqiqlash tizimini ijtimoiy xavfliligiga qarab belgilash maqsadida Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risidagi nizomning (Vazirlar Mahkamasining 21.11.2020 yildagi 739-son qaroriga 4-ilova) 9-bandi oltinchi xatboshisini “shaxsga, tinchlik va xavfsizlikka, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga qarshi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni qasddan sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar” tahririda bayon etish ko‘zda tutilmoqda.

Qarorning qabul qilinishi bola huquqlarining himoya qilinishini to‘laqonli ta'minlash, ular o‘rtasida turli g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish hamda bolalarni qonunga zid ravishda farzandlikka olish holatlariga barham berishga ko‘maklashishi aytiladi.

Loyihani ishlab chiqish jarayonida Rossiya, Belarus, Ukraina, Ozarboyjon, Qozog‘iston kabi xorijiy davlatlar amaliyoti o‘rganilgani, AQSh, Ruminiya, Xitoy, Fransiya, Kanada, Germaniya, Norvegiya, Daniya, Gollandiya, Isroil, Niderlandy, Janubiy Amerika, Ispaniya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy davlatlarda farzandlikka olishni taqiqlovchi talab sifatida shaxsning muqaddam sudlanganligi umuman ko‘zda tutilmagani bildirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: