O‘zbekiston bo‘ylab beshta yo‘nalishda aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi - moliya vaziri o‘rinbosari

O‘zbekiston 15:13 / 12.01.2021 22571

Vodiy viloyatlarini O‘zbekistonning asosiy turistik yo‘nalishlari – Samarqand, Buxoro, Urganch, Termiz bilan bog‘lovchi beshta yo‘nalishda aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 11 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov ma'lum qildi. 

«Transport vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda dastlabki beshta yo‘nalishni aniqladik. Bu yo‘nalishlar vodiy viloyatlarini Samarqand, Buxoro, Urganch, Termiz kabi asosiy turistik shaharlar bilan bog‘lashi kutilmoqda. Masalan, Farg‘ona-Buxoro yo‘nalishida aviaqatnov yo‘q. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, agar Farg‘ona-Buxoro yo‘nalishiga reys qo‘ysak, xarajatlarning 30 foizi budjetdan qoplab beriladi. Shu yo‘nalishda parvoz qiluvchi yo‘lovchilar uchun bu vaqtni iqtisod qilish va xavfsizlik nuqtayi nazaridan qulay bo‘ladi. Loyiha to‘liq ishlab chiqilib, hukumat tomonidan ma'qullanganidan so‘ng, qaror sifatida qabul qilinadi va joriy qilinadi», – dedi vazir o‘rinbosari.

Ahadbek Haydarovning aytishicha, chiptalarning taxminan 30 foizi davlat byujyetidan qoplab berilishi – subsidiya to‘g‘ridan to‘g‘ri aviakompaniyaga berilishi nazarda tutilmoqda.

«Subsidiyalarni ajratish borasida davlat budjetidan mablag‘ ajratish imkoniyatimiz yetarli. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, beshta yo‘nalish bo‘yicha subsidiya joriy etiladigan bo‘lsa, bir yillik ajratiladigan mablag‘ 20-25 milliard so‘mni tashkil etadi»,deydi u.

Avvalroq, AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida  Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov 2020 yilda 1 million 800 ming nafar mahalliy turist safari tashkil etilganini, 2021 yilda buni keskin oshirish, sayyohlar sonini 7,5 millionga yetkazish rejalashtirilganini aytib o‘tgandi.

2021 yilda Andijon va Xivani to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lovchi temir yo‘l reysi, Farg‘ona va Urganch aviareysi, Qarshidan Urganchga temir yo‘l hamda aviareyslar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: