Navoiyda «Bermud uchburchagi» 60 xonadonli uyni «yamlamoqchi». Viloyat hokimligi muammoga yechim topa oladimi?

Jamiyat 18:03 / 12.01.2021 23455

Bu mojaroli turar joy haqida dastlab 2018 yilda reportaj tayyorlangan edi. 2020 yilning avgust oyida mavzu ikkinchi bor yoritildi. Shundan so‘ng shahar hokimligi munosabat bildirib, xaridorlarga xonadonlari hujjatlashtirib berilishi choralari ko‘rilishini ma'lum qilgandi. Ammo ushbu va'da hamon bajarilmadi.

Sarlavhada bejiz ushbu masala Bermud uchburchagiga qiyoslanmadi. Mazkur mojaroning uch tomoni bor.

Birinchi tomoni — «Navoiy quruvchi yoshlari» MChJ (rahbari Feruz To‘xtayev) 2016 yili aholidan pul yig‘ib (evaziga odamlar bilan kelishuv bitimi tuziladi va notarius orqali imzolangan kafolat xati beriladi), o‘sha pullar va bank krediti hisobiga bir va ikki xonali kvartiralardan iborat turar joy barpo etishga kirishadi. Turar joy binosining poydevor qismi bitganda uni garovga qo‘yib, «Xalq banki»dan kredit oladi.

MPqDN0Dk8fGMn3SmPEmek1Mg6Gjh77zc.jpg (800×505)

Ikkinchi tomoni, AT «Xalq banki» Karmana Amaliyot bo‘limi bo‘lib, bank tomonidan «Navoiy quruvchi yoshlari» MChJga 2016 yil 15 dekabrda 1,5 yil muddatga yillik 16 foiz ustama to‘lash sharti bilan 410 mln so‘m kredit mablag‘i ajratilgan. Ammo «Navoiy quruvchi yoshlari» MChJ kredit shartnomasining tegishli bandini buzgan va o‘z majburiyatlarini doimiy ravishda bajarmay kelgan. Oqibatda bank tomonidan 2017 yil 23 iyunda fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritilib, kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish, kredit qarzdorligini undirish, undiruvni garov mulklariga qaratish so‘ralgan. Shu tariqa, sud qarori bilan qurilayotgan 5 qavatli turar joy binosi kimoshdi elektron auksion savdosiga qo‘yilgan.

Uchinchi tomon, kimoshdi elektron auksion savdosida mazkur uyni sotib olgan buxorolik tadbirkor hisoblanadi. U sotib olgan vaqtda «dom»ning to‘rtinchi qavati tiklanayotgandi. Bino qurilishiga ular ham hissa qo‘shishadi, biroq uylar uchun to‘lov qilgan aholi vakillariga rad javobi berishadi. Aslini olganda, ular ham uyga xarajat qilishgan va hozirda xarajatlari qoplanishini so‘rab, tegishli organlarga murojaat etishgan.

Shu tariqa, aholining puli evaziga bir quruvchi tomonidan qurilib boshlangan va to‘rtinchi qavatga kelganda auksion orqali ikkinchi tadbirkor tomonidan sotib olingan turar joydan xonadon sotib olgan aholi mana uch yildirki o‘z uylarida begona.

0YhCCgF6LVAwPGqH15-4Il9m-iaFoZMw.jpg (800×505)

Xavotiri kun sayin oshib borayotgan xonadon egalari 4 yanvar kuni yana Navoiy shahri hokimligida to‘planishdi. Ular bilan shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bobur Qodirov suhbatlashdi.

«Iltimos, yordam beringlar, uyimizni kadastr qilib olaylik. 3 nafar farzandim bor. Kvartirada yashab kelyapman. Mana, hozir kotyolni ham o‘zimiz qilyapmiz. Har bitta oila 10 million so‘mdan yana xarajat qildi. Shartnomaga ko‘ra, qurilish firmasi kotyol o‘rnatib berishi kerak edi. Shunga ham rozimiz. Hech bo‘lmasa uyimizni qonuniylashtirib olaylik. Davlat idoralariga borsak, u yoqdan bu yoqqa sarson qilishmoqda», — deydi xonadon egalaridan biri Laylo Ubaydullayeva.

Eji-s-101Z3_db9ant7E9VYhPVsMOHrg.jpg (800×505)

«Bizning uyimizni Feruz To‘xtayev qurgan. Uyning muammolari hech tugamayapti. Bizlarga kotyol o‘rnatib beraman dedi, ammo o‘rnatib bermadi. Mayli, uni ham hamma o‘zi o‘rnatyapti. Faqatgina bizga kadastr qilib bersin. O‘zimizning pulimizga olgan uyimizga o‘zimiz egalik qilaylik. Qayerga borsak sudning qarori unaqa, boshqasi bunaqa deb aytishadi. Yana kimdir da'vogar bo‘lib chiqadi. O‘z pulimizga olgan uyga kim da'vogar bo‘lishi mumkin?!» — deya yozg‘iradi xonadon sotib olgan yana bir fuqaro Aziza O‘tkirova.

Garchi hokim o‘rinbosari suhbat jarayonida aholidan uyni hech kim tortib ololmasligini qayta-qayta takrorlagan bo‘lsa ham, masalaning yechimi xususida aniq gap va vaqtni ayta olmadi.

Bobur Qodirovning Kun.uz’ga bergan intervyusi esa qisqacha shunday bo‘ldi:  «Bu fuqarolarning murojaati hozirgi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli tartibda o‘rganib chiqilmoqda va ushbu masala qonuniy tartibda tez kunlarda o‘z yechimini topadi».

Kun.uz mazkur masala yuzasidan Navoiy viloyati adliya boshqarmasining inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i Davron Husanov bilan ham suhbatlashdi.

«Adliya boshqarmasiga fuqarolar Shomurodova va Homidov murojaat qilishgan. Ular o‘zlariga tegishli uyning taqiqda ekanligi, amalda sotib olgan bo‘lsalar ham rasmiylashtirib ololmayotganligini ma'lum qilib, amaliy yordam so‘rashgan.

Vaziyat o‘rganib chiqilganida aniqlandiki, «Navoiy quruvchi yoshlari» MChJ tomonidan Navoiy shahrida bittasi 60ta, ikkinchisi 48ta xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar qurilgan. Mazkur uy-joylar bugungi kunda Navoiy shahar MIB tomonidan taqiqqa olinganligi ma'lum bo‘ldi. Taqiqqa olinishiga esa «Navoiy quruvchi yoshlari» MChJning soliqdan, boshqa tadbirkorlik sub'yektidan, issiqlik energiyasi va bankdan qarzdorligi sabab bo‘lgan.

Natijada uy-joyni fuqarolar nomiga rasmiylashtirib berish imkoni bo‘lmagan. Mazkur masalada kuni kecha ushbu uyda yashovchi fuqarolar adliya boshqarmasida qabul qilindi. Vaziyat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur uyni qurishda ishtirok etgan buxorolik tadbirkorning ham murojaati qabul qilib olingan. Bu murojaat ham hozirgi kunda o‘rganib chiqilmoqda. O‘rganishlar yakuniga yetgach, natijasi yuzasidan batafsil axborot bersak bo‘ladi», — deya ma'lum qildi Davron Husanov.

Uylarini kadastr qila olmayotgan aholi 4 yanvar kuni Navoiy viloyati prokuraturasiga ham borishgan va viloyat prokurori Baxtiyor Axmedov nomiga uylarni o‘zlarining nomiga rasmiylashtirib berishni hamda sudga da'vo arizasi kiritishni so‘rab murojaat qoldirishgan. Hozirda ularning yagona umidi viloyat prokuraturasidan bo‘lib turibdi.

si2.jpg (1113×621)

Xullas, 3 yildan buyon koptokdek u yoqdan bu yoqqa tepilayotgan mazkur masalaga viloyat hokimligi aralashishi va yechim topishi zarur. Yo‘qsa, «Bermud uchburchagi» 60ta xonadonli ko‘p qavatli uyni «yutib yuborishi» va peshona teri evaziga pul topib, uy sotib olgan fuqarolar ko‘chada qolishi hech gap emas.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: