Malayziyada koronavirus tarqalishini cheklash uchun parlament ishi to‘xtatilib, favqulodda vaziyat joriy qilindi

Jahon 21:47 / 12.01.2021 1949

Malayziya qiroli mamlakatda parlament ishi to‘xtatilishi, har qanday saylovlar bekor qilinishi va hukumat, politsiya hamda harbiylarning vakolatlari kengaytirilishini ko‘zda tutuvchi favqulodda vaziyat rejimi joriy qilindi. Bunday chora koronavirus tarqalishini to‘xtatish maqsadida qabul qilingan.

Reuters axborot agentligining xabar berishicha, qirolga favqulodda vaziyat rejimi kiritish iltimosi bilan bosh vazir Muhiddin Yassin murojaat qilgan. “Sizni ishontirib aytaman, hukumat o‘z ishini davom ettiradi. Qirol e'lon qilgan favqulodda vaziyat rejimi bu harbiy to‘ntaruv emas va komendantlik soati kiritilmaydi”, deb tushuntirgan Yassin. U millatga murojaatida saylovlar maxsus qo‘mita koronavirus epidemiyasi sustlashgani yoki to‘liq nazorat ostiga olingani va saylovlar o‘tkazish xavfsiz ekanini e'lon qilgandan keyin yana o‘tkazilishini ta'kidlab o‘tgan.

Bir kun avval hukumat mamlakat bo‘ylab harakatlanishni cheklagan va poytaxt Kuala-Lumpur hamda 5ta shtatda 2 haftaga lokdaun kiritgan. Malayziyada kunlik kasallanish holatlari rekord darajaga – 3 mingga yetgan. 

Bu dunyo miqyosida koronavirus sababli parlament to‘xtashini ko‘zda tutuvchi birinchi umummilliy favqulodda vaziyat rejimi kiritilishidir. Hozirda virusni to‘xtatish maqsadida Yaponiyaning poytaxti Tokio va bir nechta prefekturalarida, Kanada va AQShning ba'zi hududlarida favqulodda vaziyat rejimi amal qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: